O‘zbekiston sport delegatsiyasi ushbu o‘yinlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish uchun Minskka yo‘l oldi.

Olimpiya va qit’aviy o‘yinlar hamisha mamlakatlarda sport turlari rivojining holatini aniqlash mezoni bo‘lib kelgan. MDH davlatlari sport o‘yinlari ham keyingi paytda “kichik olimpiada” maqomida yosh sportchilarning yuksak dovonlarga chiqish oldidan “imtihon maydoni” vazifasini o‘tamoqda.

Ma’lumki, bundan ikki yil muqaddam Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan I MDH o‘yinlari yosh sportchilarni Olimpiada o‘yinlariga tayyorlash ko‘nikmasini shakllantirishda muhim omil bo‘lishini ifoda etdi. Qozonda kechgan o‘yinlarda mamlakatimizning yosh sportchilari 91 ta medal bilan umumjamoa hisobida Rossiyadan keyin, 2-o‘rinni egalladi. Sportchilarimiz 23 ta oltin, 32 ta kumush va 36 ta bronza medaliga ega chiqdi.

Xo‘sh, joriy yil 4-14 avgust kunlari Belarus Respublikasining 11 ta shahrida tashkil etiladigan II MDH o‘yinlarida umumiy holat qay ko‘rinishda bo‘ladi? Ushbu o‘yinlarda qancha davlatning necha nafar sportchilari musobaqalashadi?   

Belarus Respublikasi II MDH o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘yinlarda qatnashish uchun 18 ta davlat dastlabki talabnomalarni taqdim etgan. Ishtirokchi sportchilar soni 6 ming nafardan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. MDH o‘yinlari nizomida har bir ishtirokchi davlatdan 22 ta sport turidan umumiy hisobda 419 nafar sportchi ishtirok etishi mumkinligi qayd etilgan.

II MDH o‘yinlari dasturidagi bir qator sport turlari o‘rni boshqalari bilan almashtirilganini, sambo, og‘ir atletika, sohil futboli, badiiy gimnastika musobaqalari kattalar o‘rtasida o‘tkazilishini nazarda tutsak, erishilajak natijalar nafaqat O‘zbekiston sportchilari, balki boshqalar uchun ham o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lishini anglatmoqda.

Bundan tashqari, Belarus bahslarida badminton, stol tennisi, sport raqsi, kurash, belbog‘li kurash, stentdan o‘q otish kabi sport turlari o‘rnini boshqa sport turlari egallagani ham natijalarning o‘zgacha bo‘lishidan dalolat berayotgandek.

O‘zbekiston sportchilarining II MDH o‘yinlaridagi natijalari qanday bo‘ladi? Bu borada hozirdan aniq raqamlarni keltirish mushkul. Sababi, bu galgi o‘yinlar oldingi MDH musobaqalaridagidek bir xil yosh toifalarida emas, turli yoshdagi sportchilar o‘rtasida kechadi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”siga muvofiq, O‘zbekiston sport delegatsiyasi II MDH o‘yinlarida 21 ta sport turida medallar uchun kurash olib boradi. Shundan 16 tasi olimpiya, 5 tasi noolimpiya sport turlari.

Ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, mamlakatimizning 313 nafarga yaqin sportchisi yurtimiz sharafini himoya qilishi belgilangan. Kuni kecha yurtimizning bir guruh sport jamoalari MDH o‘yinlarida qatnashish uchun Minskka yo‘l oldi.

Bugun Minsk shahrida yurtimiz bokschilari, yengil atletikachilar, gimnastikachilar, gandbolchilar, dzyudochilardan iborat delegatsiya a’zolari tashkiliy qo‘mita vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.

Shu o‘rinda aytish lozim, MDH o‘yinlari oldidan bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalarga qur’a tashlash marosimlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, sohil futboli bahslariga tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra,  O‘zbekiston terma jamoasi “B” guruhida Ummon, Rossiya, Misr terma jamoalari bilan joy olgan bo‘lsa, “A” guruhida Belarus, Ozarbayjon, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari jamoalari bahslashadi.

Yurtimiz futbolchilari ilk o‘yinni 5 avgust kuni Ummon jamoasi bilan o‘tkazsa, 6 avgustda Rossiya va 7 avgustda Misr terma jamoalariga qarshi to‘p suradi.

Mazkur MDH o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasining ikkinchi tarkibi ertaga, 3 avgust kuni Belarusga yo‘l oladi. Eslatib o‘tamiz, II MDH o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 5 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar 14 avgustgacha davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA