Poytaxtimizda Muz ustida xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF), Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini” dasturiga start berildi. Mazkur yig‘inni kuzatib borish uchun IIHF vitse-prezidenti Ayvaz Omarkanov ham Toshkentga yetib kelgan. Martabali mehmon Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov bilan xokkeyning mamlakatimizdagi rivojini yangi bosqichga olib chiqish kabi istiqbolli mavzularni muhokama qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudov, Osiyo Olimpiya kengashi rasmiylari Toni Tarraf hamda Vissam Trkmani ham ishtirok etdi. Vazir dastavval mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi va Olimpiya harakati, xususan, qishki sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida batafsil gapirar ekan, so‘nggi yillarda poytaxtimizda qad rostlagan “Humo Arena” va “Alpomish” muz saroylari, viloyatlarda yaratilayotgan infratuzilma haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘z navbatida, Oybek Qosimov xokkey bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining Osiyo chempionatidagi g‘alabasi, “Humo” xokkey klubining xalqaro maydondagi ishtiroki haqida ma’lumot berdi.
Ayvaz Omarkanov yurtimizdagi bunday o‘zgarishlar, xokkeyga bo‘lgan munosabatdan mamnun ekanini bildirdi. Qolaversa, bugun boshlangan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining yuqori saviyada tashkil etilgani, kelgusida yana ko‘plab xalqaro tadbirlar mezbonligini O‘zbekistonga topshirish uchun ishonch paydo bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Suhbat davomida tomonlar mamlakatimizda qishki sport turlari va Olimpiya harakatini yanada rivojlantirishning yangi bosqichlariga oid qator rejalarni muhokama qildi.
Joriy yilning 1-7 avgust kunlari poytaxtimizda “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini” dasturi bo‘lib o‘tadi. Muz ustida xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF), Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur loyihada 30 mamlakatdan 100 nafardan ziyod yosh xokkeychi ishtirok etadi.
Kunning ikkinchi yarmida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari mehmonlar bilan birga ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyiga tashrif buyurishdi. Bu yerda “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini” dasturining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA