Ozarbayjon poytaxti Bakuda shaxmat bo‘yicha boshlangan jahon kubogi musobaqalarining dastlabki tur bahslari ortda qoldi.

Dunyoning eng kuchli 206 nafar erkak va 106 nafar ayol shaxmatchisi ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada uchta sovrinli o‘rinni egallagan shaxmatchilar 2024 yili shaxmat toji da’vogarlari turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Erkaklar o‘rtasida o‘ninchi, ayollar o‘rtasida ikkinchi bor tashkil etilayotgan chempionatning mukofot jamg‘armasi 2,5 million AQSH dollaridan ziyodni tashkil etmoqda.

Unda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 111 ming, ikkinchi o‘rin sohibi 80 ming, uchinchi o‘rindan joy olganlar 50 ming, to‘rtinchi o‘rinni egallagan shaxmatchi 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, musobaqa nizomiga binoan 1/128 dan 1/4 finalgacha bo‘lgan bosqichlarda qatnashgan har bir shaxmatchi ma’lum miqdordagi mukofot pullariga ega chiqadi.

Joriy yilning eng muhim musobaqasi bo‘lgan ushbu jahon kubogi bahslarida mamlakatimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Nilufar Yoqubboyeva g‘oliblik yo‘lida dona suradi.

24 avgustga qadar davom etadigan jahon kubogining dastlabki o‘yinlarida hamyurtlarimiz Javohir Sindorov Janubiy Sudan vakili Den Kipriano Rexanni, Nodirbek Yoqubboyev suriyalik Malek Koniahlini 1:0 hisoblarida mag‘lub etgan bo‘lsa, Shamsiddin Vohidov ozarbayjonlik Abdulla Gadimbayli hamda Nilufar Yoqubboyeva slovakiyalik Yeva Repkova bilan durangga erishdi.

Mamlakatimizning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov reytingi yuqoriligi sabab, bahslarni 2-bosqichdan boshlaydi.

Bugun, 31 iyul kuni 1-bosqich doirasidagi 2-tur o‘yinlari o‘tkaziladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA