Xitoyning Chendu shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Butunjahon Universiada o‘yinlarining ikkinchi kungi musobaqalarini mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyatli boshladi.

Ushu bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Darya Latisheva nandao yo‘nalishidagi saralash bahslarida raqiblarini dog‘da qoldirdi.

Yarim final ostonasida xitoylik sportchini mag‘lub etgan Darya musobaqani kumush medal bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z navbatida oltin medal makaolik, bronza esa ushu vatani vakilasiga nasib etdi.

Shuningdek, Universiada o‘yinlarida qatnashyotgan tennischi qizlarimiz Nasiba Espolova va Omina Valixonova yakkalik bahslarning ilk davra musobaqalarida g‘alabaga erishdi.

Espolova avstraliyalik Aleksandra Veyrni 6/4, 6/3 hisobida, Omina Valixonova zambiyalik Kuin Sakalagani 6/1, 6/0 ko‘rinishida taslim etdi.

Endi Nasiba Espolova ikkinchi bosqichda turnirning sakkizinchi raketkasi, yaponiyalik Ikumi Yamazakiga, Omina Valixonova esa musobaqada ikkinchi raqam ostida tasniflangan Xitoy Taypeyi vakilasi Liang Yen-Shuoga qarshi kortga chiqadi.

Bugun kun davomida dzyudochilarimizdan Javohirbek Saparov 73 kiloda, Nurbek Murtazoyev 81 kiloda, Farangiz Xojiyeva 63 kiloda, Nodira Yuldasheva 70 kiloda medallar uchun kurashga kirishadi.

Tennischi qizlarimiz Nasiba Espolova va Omina Valixonova bugun juftlik musobaqalaridagi ishtirokini boshlaydi. Ilk bosqichda hamyurtlarimiz Janubiy koreyalik  Mung Jong va O Yongjiga qarshi kortga chiqadi.

Ortda qolgan birinchi kungi musobaqalar yakuniga ko‘ra, medallar jamg‘arishda 5 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medaliga ega Xitoy jamoasi Universiada o‘yinlarida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya va Yaponiya talaba-sportchilari bormoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi 1 tadan kumush va bronza medallari hisobiga 12-o‘rindan joy egallab turibdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA