Xabar berganimizdek, kecha Xitoy Xalq Respublikasining Chendu shahrida XXXI yozgi Butunjahon Universiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xitoyda boshlangan Universiada o‘yinlarida dunyoning 119 ta davlatidan 5 ming 100 nafardan ziyod talaba-sportchilar 269 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib boradi.
Mazkur Universiada musobaqalarida mamlakatimiz talaba-sportchilari 7 ta sport turi bo‘yicha yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. Taekvondo sport turidan 14 nafar, dzyudo 14, gimnastika 3, tennis 6, yengil atletika 7, ushu 5, qilichbozlik sport turida 20 nafar sportchimiz medallar uchun kurash olib borishi belgilangan.
Bugun, 29 iyul kuni Chendu shahridagi Universiada shaharchasida terma jamoamiz uchun tashkil qilingan “Chendu-2021” shtabida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov terma jamoamiz a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida tashkiliy masalalar muhokama qilinib, musobaqalarni yuqori darajada boshlash uchun har bir sport turi bo‘yicha rejalar tayyorlanib umumlashtirildi. Sport turlari bo‘yicha murabbiy va mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglanib, zarur yo‘l-yo‘riq hamda ko‘rsatmalar berib o‘tildi.
Bugun kun davomida 11 nafar sportchilarimiz musobaqalarda ishtirok etishga kirishadi.
Jumladan, tennis bo‘yicha Nasiba Espolova va Omina Valixanova yakkalik bahsning dastlabki bosqichida ishtirok etsa, ushu sport turida Darya Latisheva va Aziz Qaxramonov dastlabki kungi dasturlarda chiqish qiladi.
Universiada o‘yinlarining dzyudo musobaqalarida Fotimaxon Tursunboyeva 48 kilogrammda, Gulhayo Jurayeva 52 kilogrammda, Yulyana Maksetbayeva 57 kilogrammda, Kamoliddin Baxtiyorov 60 kiloda, Abdurahim Nutfulloyev 66 kiloda medallar uchun kurash olib boradi.
Musobaqalar 9 avgustgacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA