Poytaxtimizdagi “Alpomish” sport saroyida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo ochiq kubogi keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tmoqda.

Musobaqaning ikkinchi kungi dasturida erkaklar o‘rtasida -73 kg, -81 kg, -90 kg, +90 kg vazn toifalarida, qizlar o‘rtasida esa -57 kg, -63 kg, -70 kg, +70 kg vaznda g‘olib hamda sovrindorlar aniqlandi.

Ushbu bahslarda Azamat Ablakulov, Behruzbek Rustamboyev, Aselxon Aralboyeva, Nigina Saparboyeva hamda Mushtariybegim Afzalova o‘z vazn toifalarida barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, yakunda oltin medal bilan taqdirlandi.

– Osiyo ochiq kubogining 81 kilogrammgacha vazn toifasidagi bahslarida ishtirok etdim, – deydi Behruzbek Rustamboyev. – Musobaqadagi har bir bahs men uchun finaldek o‘tdi. Oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman. Bu g‘alaba meniki emas, balki terma jamoamiznikidir. Kelgusida murabbiylarim qo‘l ostida yanada ko‘proq shug‘ullanib, bundanda yuqori marralarni zabt etish niyatidaman. Bu maqsadlarimizga yetishishimiz uchun barcha imkoniyatlar muhayyo. Bizga o‘zimiz istagan sport turi bilan shug‘ullanib, shohsupaga ko‘tarilishimizga katta imkoniyatlar yaratib berayotgan mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Osiyo ochiq kubogining uchinchi kunida yengil vazn toifasidagi yoshlar raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri