Jahon hamjamiyati sun’iy intellekt (SI) texnologiyasi kelajagini shakllantirish, ehtimoliy xavfni imkon darajasida kamaytirish va texnologiya salohiyatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash uchun birgalikda ishlashi kerak. Britaniyaning “Financial Times” gazetasi saytida chop etilgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va savdo vaziri Jin Raymondo maqolasida ayni masala yana bir bor muhokama qilingan.
“SI kelajagini aniqlash uchun birgalikda tezroq harakat qilishimiz kerak. Hech bir davlat yoki kompaniya sun’iy ong kelajagini boshqalardan ayro holda belgilay olmaydi. Qo‘shma Shtatlar bu yo‘nalishda muhim qadam tashladi: faqat birgalikdagi sa’y-harakat va yangi g‘oyalar xalqaro hamjamiyatga SI salohiyatini to‘liq, xavfsiz amalga oshirish imkonini beradi.
Avvalroq “Amazon”, “Anthropic”, “Google”, “Meta”, “Microsoft”, “Inflection” va “OpenAI” mas’ullari sun’iy intellektga asoslangan mahsulotlarni bozorga chiqarishdan oldin qat’iy sinovdan o‘tkazish hamda jiddiy xavfni minimallashtirish uchun rasmiylar, fuqarolik vakillik organlari, ilmiy jamoatchilik bilan hamkorlik qilishga va’da bergan. Yetakchi kompaniyalar kiber xavfsizlikka sarmoya kiritish va ishlab chiqilgan tizimning zaif tomonini aniqlashga yordam berishga sodiqligini bildirgan. Qolaversa, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentga “aldov va firibgarlikning oldini olish” maqsadida yorliq qo‘yish majburiyatini olgan.
Oq uy ma’muriyati Yevropaning ayrim davlatlari, shuningdek, Braziliya, Avstraliya, Janubiy Koreya bilan sun’iy ongdan foydalanish, SI taraqqiyotini tartibga solish bo‘yicha xalqaro me’yor yaratish ustida ishlashni rejalashtirmoqda.
“O‘tgan hafta AQSH prezidenti Jo Bayden keyingi qadam qanday bo‘lishiga oydinlik kiritdi. Uning ta’kidlashicha, yetakchi kompaniyalar SI texnologiyasidan foydalanishda xavfsizlik va ishonchni oshirish bo‘yicha ba’zi majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishmoqda. Ushbu majburiyatlar orqali xavfni, jumladan, suiste’mol qilish ehtimolini kamaytirish mumkin.
Blinken va Raymondo ta’kidlashicha, sun’iy intellektning matn, tasvir, video va audio yaratish qobiliyati allaqachon yolg‘on yoki zararli ma’lumot tarqalishi bilan bog‘liq ehtimoliy xavfni paydo qilgan. Bundan tashqari, maqola mualliflari sun’iy intellektdan dissidentlarga qarshi davlat nazoratini, qatag‘onni kuchaytirish yoki siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida qo‘llash xavfi borligini ham alohida ta’kidlashgan.
Ta’kidlash kerak, sun’iy intellektning ijobiy tomoni ham misli ko‘rilmagan darajada ko‘p. Masalan, sun’iy ong saraton va boshqa og‘ir kasalliklarni davolash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilish kabi ko‘plab dolzarb masalalar yechimini topish uchun keng imkoniyat ochadi. Bu esa BMT tomonidan belgilangan barqaror rivojlanish maqsadiga erishishni tezlashtiradi.
S.Rahimov, O‘zA