So‘nggi yillarda mamlakatimizda jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda yangi ish uslublari tatbiq qilinib, aholi va jamoatchilik bilan uzviy muloqot yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan Orolbo‘yining shahar hamda tumanlarida ishchi guruh a’zolari ishtirokida yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda aynan shu kabi dolzarb masalalar muhokama etildi. Shuningdek, har bir mahallada sodir bo‘layotgan jinoyatlardan xabardor bo‘lish, joylarda sayyor sud majlislarini o‘tkazish, huquqiy tarbiyani yangicha mexanizmini ishlab chiqish haqida so‘z yuritildi. Buning uchun mahallalarda, birinchi navbatda, tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ayanchli oqibatlari, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish, tadbirkorlikka hamda sportga jalb qilish borasida taklif va tavsiyalar bildirildi.

Nukus shahrining o‘zida 71 mahalla fuqarolar yig‘inida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish borasida huquqni muhofaza qilish organlari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Natijada, ushbu mahalla fuqarolar yig‘inlarining 29 tasida birorta jinoyat sodir etilmadi. Mahalla tizimini takomillashtirish, ularda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida faollarining mas’ul tashkilotlar va profilaktika inspektorlari bilan hamkorligida kam ta’minlangan oilalar ehtiyojmandlik darajasidan chiqarilmoqda. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili joriy etilib, Nukus shahridan 17 ta mahalla fuqarolar yig‘ini “qizil”, 29 tasi “yashil” hududga kiritildi.

Uchrashuvda asosan yoshlar orasida jinoyatchilik kamaymayotgani masalasida so‘z yuritildi. Ushbu masalada nuroniylar, mahalla faollari so‘zga chiqib, yoshlarni yot g‘oyalardan asrash, ularning intellektual, ijodiy va boshqa turli yo‘nalishlardagi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar doimiy o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan takliflarga, uchrayotgan muammolarga e’tibor qaratilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV