30 iyul sanasi mamlakatimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu bayram munosabati bilan tashkil etilgan “Do‘stlik” festivali doirasida 27-30 iyul kunlari respublikamizning barcha hududlarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Bugun, haftalikning ilk kuni erta tong ishtirokchilar tomonidan istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumentiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi rahbariyati, milliy madaniy markazlar raislari, turli millat vakillari va tayanchimiz bo‘lmish yoshlar ishtirok etdi.

Millatlararo bag‘rikenglik azaliy qadriyatimiz bo‘lib, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Qadim-qadimdan ota-bobolarimiz o‘z o‘gitlarida xalqlar do‘stligi tuyg‘usini yuksak darajada ulug‘lab kelishgan. Bugun shodiyona bilan o‘tayotgan tadbirlar ayni qarashlarimiz tasdig‘i.

– O‘zbekistonda o‘tayotgan madaniy tadbirlar do‘stlikni tarannum etish, turli millat vakillarini yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda, – dedi “Wiedergeburt” Respublika nemis milliy madaniy markazi raisi Yelena Mironova. – Nemislar O‘zbekiston hududida qariyb ikki yuz yildan buyon istiqomat qilib keladi. 32 yildan beri faoliyat yuritayotgan markazimiz “Xalqlar do‘stligi kuni”ni nishonlashni hamisha mushtoq bo‘lib kutadi.

Qayd etish joiz, festival aholini, ayniqsa yosh avlodni respublikamizda yashab turgan millat va elat vakillari tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylash, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga rag‘batlantiradi.

– Yangi O‘zbekistonda yangi do‘stlik rishtalari o‘rnatilmoqda, – deya ta’kidladi Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhonova. – Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muborak kun biz – turli millatga mansub fuqarolar totuvligini ta’minlash barobarida, barchamizga ma’rifiy qadriyatlarimizni namoyish etish imkonini bermoqda.

Behruz Xudoyberdiyev,

Muhammad Amin (surat), O‘zA