“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining 2023 yil yanvar-iyun oylari faoliyati tahliliga ko‘ra, kon ustini ochishlar 11,1 million kub metr yoki prognozga nisbatan 102 foiz bajarilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 133,2 foizni tashkil etdi.

Ko‘mir qazib chiqarish 2 347,5 ming tonnaga yoki rejaga nisbatan 102,8 foiz (2 283,4 ming tonna) bajarilgan. Iste’molchilarga 2 266,4 ming tonna ko‘mir yetkazib berilib, reja 107,1 foizga (2 115,5ming tonna) uddalangan.

Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi. Unda ishtirok etgan “O‘zbekko‘mir” AJ mas’ullari 2023 yilning I yarim yilligi yakunlari va galdagi dolzarb vazifalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekko‘mir” AJ bosh geologi Erkin Jo‘rayevning qayd etishicha, o‘tgan olti oy mobaynida ishlab chiqarish amaldagi narxlarda 605,5 milliard so‘mga bajarilgan. Bu ko‘rsatkich rejaga nisbatan 101,8 foizni, ishlab chiqarish taqqoslama narxlarda esa 518,2 milliard so‘mni tashkil etgan. Rejaga nisbatan bu 100,9 foizga uddalangan.

–Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ko‘mirga talab shu yilning o‘zida 1,5 baravarga oshishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 11 may kuni energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekistonda ko‘mir qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi. Shu talablarga asosan “O‘zbekko‘mir” AJ da 2023 yil uchun tasdiqlangan rejalarga o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni, joriy yilda jamiyat tomonidan 5,8 million tonna ko‘mir qazib chiqarilishi rejalashtirildi. Buning uchun jamiyat tomonidan mavjud tog‘-kon texnikalari va vositalarini ta’mirlash hamda yangilarini xarid qilish choralari ko‘rilmoqda. Joriy yilda texnikalarni ta’mirlash uchun 255 milliard so‘mlik ehtiyot va butlovchi qismlari hamda 82 ta maxsus tog‘-kon texnikasini xarid qilish belgilangan, – dedi E.Jo‘rayev.

Shuningdek, matbuot anjumanida 2023/2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, respublika byudjet tashkilotlariga 491,7 ming tonna, aholiga 1 190,8 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu ko‘mir mahsulotlari jamiyatning “Ko‘mir ta’minot” MCHJ ga tegishli viloyatlardagi mavjud ko‘mir omborlari orqali yetkazib beriladi.

–Byudjet tashkilotlariga joriy mavsum uchun ko‘mir mahsulotlari may oyidan yetkazib berilishi boshlangan, – dedi “Ko‘mir ta’minot” MCHJ bosh direktori o‘rinbosari Farhod Xursanov. – Joriy yilning 26 iyul holati  bo‘yicha mahalliy ko‘mir yetkazib berish ko‘rsatkichi 252 ming tonnani tashkil etdi. Aholi iste’molchilarini ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlash ishlari joriy yilning 2 iyul kunidan boshlanib, 26 iyul holatiga 85 ming tonna 2 BZR 25-500 markali ko‘mir yetkazib berildi.

Anjumanda aytib o‘tilganidek, ayni kunlarda “Ko‘mir ta’minot” MCHJga qarashli 89 ta hududiy ko‘mir ombori va 12 ta shoxobchalarida ish qizg‘in. Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va qulaylik yaratish maqsadida “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan 43 ta “ISUZI” 11 ta “MAN” rusumli yuk mashinalari hamda 62 ta avtoyuklagich jalb etilgan.

Nasiba Ziyodullayeva,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA