O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumining borishi to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Axborot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova mazkur tizimdagi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tomonidan mehnatkashlar farzandlarini sog‘lomlashtirishga oid amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, samarasiz faoliyat olib borayotgan yoki sotuvga qo‘yilgan jami 79 ta oromgoh Kasaba uyushmalari tizimiga o‘tkazildi. Zero, maqsad oromgohlarning moddiy-texnik negizini mustahkamlash, bu orqali bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi ishlar sifati va ko‘lamini oshirishdan iboratdir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tizimda mavjud bo‘lgan 25 ta va Federatsiya tizimiga yangi o‘tkazilgan 75 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida joriy yilgi mavsum oldidan keng ko‘lamdagi ta’mirlash va tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, ushbu oromgohlar barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Xususan, qattiq va yumshoq mebellar, oshxona va yotoqxona jihozlari, zarur inventarlar, maishiy texnikalar yetkazildi. Jumladan, har bir oromgoh ehtiyojiga qarab, muzlatgich, kir yuvish mashinalari, kompyuter va televizorlar, krovatlar, ko‘rpa (matras), yostiq, choyshab, yopinchiqlar, generatorlar, madaniy tadbirlar uchun uskunalar, 35 turdagi oshxona jihozlari, sport jihozlari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, Federatsiya tizimiga o‘tkazilgan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridan 14 tasi yangidan qurilmoqda, yana bir qator oromgohlar to‘liq qayta rekonstruksiya qilinmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bolalarni sog‘lomlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bilan birga oxirgi 6 yil davomida 8 ta zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Natijada har yili qo‘shimcha ravishda 9 ming nafar bolani sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratilib, o‘g‘il-qizlarni oromgohlarga qamrab olish ko‘lami kengaytirildi.
Bugungi kunda joriy yilgi bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Sog‘lomlashtirish mavsumi joriy yil 1 iyundan boshlandi. Mamlakatimiz bo‘ylab jami 200 ta statsionar turdagi va 954 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari shaklidagi oromgohlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda mavsum davomida jami 310 ming 500 nafardan ortiq bolajonlarni dam oldirish rejalashtirilgan. Bundan 158 mingga yaqin o‘g‘il-qiz statsionar turdagi oromgohlarda sog‘lomlashtiriladi, qariyb 153 ming nafar bolajonlar sog‘lomlashtirish maydonchalarida dam oldiriladi.
Mavsum oldidan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini mavsumga tayyorlash va ta’mirlash borasida tizimli ishlar olib borilib, nazorat kuchaytirildi.
Xususan, oromgohlarni elektr energiyasi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi ta’minoti, yong‘in xavfsizligi va aloqa vositalari bilan to‘liq ta’minlash, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, oromgohlarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha barcha zarur tadbirlar amalga oshirildi.
Har bir oromgohga malakali pedagoglar va tibbiyot xodimlari jalb etildi. Bolalar dam olish maskanlari zarur dori-darmon vositalari, ilon va qoraqurt zahriga qarshi zardoblar bilan ta’minlandi. Har bir navbat boshlanishi va yakunida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari hududini sanitariya xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilish ishlari qat’iy yo‘lga qo‘yildi.
Har bir hududda tunu-kun ishlovchi hududiy shtablar, Departament qoshida esa Respublika shtabi faoliyat olib bormoqda. Barcha oromgohlarga bolalar yo‘l patrul xizmati xodimlari kuzatuvi ostida avtobuslarda xavfsiz yetkazilishi, oromgohlarga kirishdan oldin bolalar birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, so‘ngra guruhlarga bo‘linishi yo‘lga qo‘yilgan.
Oromgohlar hududi va ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari, shuningdek, bolalarning salomatligini nazorat qilish maqsadida tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi tashkil etilgan.
Joriy yilning 25 iyul holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 1 ming 121 ta, shu jumladan, 196 ta statsionar turdagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari hamda 922 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kungacha statsionar turdagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida 133 ming 497 nafar, sog‘lomlashtirish maydonchalarida esa 139 ming 447 nafar, jami 272 ming 944 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich mavsum davomidagi umumiy rejaga nisbatan 87,9 foizni tashkil etmoqda.
Kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari, Mehribonlik uyi va Oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalar farzandlarini imtiyozli sog‘lomlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda ishlayotgan ijtimoiy himoyatalab xodimlarning farzandlari Jamoa shartnomalari orqali imtiyozli va bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlanmoqda.
Oromgohlarning aksariyati o‘g‘il-qizlarni nafaqat maroqli dam oldirish va jismonan chiniqtirish, balki ularning intellektual salohiyatlarini rivojlantirish, o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi markaz sifatida faoliyat olib bormoqda.
Dam olayotgan bolajonlarning horijiy tillar va kompyuter bo‘yicha bilimlari oshirilmoqda. Oromgohlarda “Yosh kitobxonlar”, “Horijiy tillar”, “Tasviriy san’at”, “Mohir qo‘llar”, “Hunarmandchilik”, “Xoreografiya”, “Jismoniy tarbiya va sport”, “Biser tikish” kabi 10 dan ortiq to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
N.Usmonova, O‘zA