Singapur korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilg‘or tajribaga ega davlat hisoblanadi. Tegishli reytinglar bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida.

Xususan, Transparensy International xalqaro nohukumat tashkilotining 2022 yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida Singapur 180 davlat orasida 5-o‘rinni egallagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining  Singapurga amaliy tashrifidan maqsad ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Shuningdek, Singapurning  ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishish va maqbul yechimlarini milliy amaliyotga tatbiq etishdir.

Safar doirasida Singapur Bosh prokuraturasi, Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi,  PSB Akademiyasi, Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Tashrifning birinchi kuni Singapurning Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi va Bosh prokuratura vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish, bu borada aksilkorrupsiya byurosi va prokuratura organlarining roli, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish tizimi kabi qator muhim masalalarda muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va muntazam tajriba almashish amaliyotini yo‘lga quyish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Tashrifning birinchi kuni delegatsiya a’zolari shuningdek, Singapur Turizm menejmenti instituti vakillari bilan uchrashib, O‘zbekistonda davlat xizmatchilarini o‘qitish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

N.Abduraimova, O‘zA