FOTOREPORTAJ

“Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining  Nukus shahar bosqichi ham yuqori saviyada tashkil qilinib, unda 30 nafarga yaqin tadbirkor va hunarmand xotin-qiz erishayotgan muvaffaqiyatini, salohiyati va  imkoniyatini namoyish etdi.

– 2008 yildan buyon  tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi  tanlov ishtirokchisi, “Kungrad agro – solodka sistem” MCHJ rahbari Zamira Xojametova. – Faoliyatimizni dastlab 12 kishi bilan boshlagan bo‘lsak, hozirgi kunda ishchilar soni 185 nafarga yetdi. Ayni paytda 14 davlatga qizilmiya mahsulotini eksport qilamiz. Qizilmiya ildizidan tashqari chorvachilik  va 34 gektar yer maydonida bog‘dorchilik  bilan ham  shug‘ullanamiz.

E’tiborlisi, Zamira Qo‘ng‘irot, Taxiatosh tumanlari va Nukus shahridan 40 nafarga yaqin ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik  asosida ishlab chiqarishga jalb qilgan.

Uning mana shunday sa’y-harakatlari tanlovda munosib e’tirof etildi. Shunday qilib, Zamira Xojametova 1-o‘rinni, “Oq o‘tov” hunarmandchilik markazi rahbari Bibisora Kunnazarova 2-o‘rinni, qo‘li gul hunarmand Sayyora Qosimbetova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA