Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Quva tumanidagi “Soyguzar” stansiyasini modernizatsiya qilish, 1,5 kilometr elektr tarmog‘i qurish va 2 ta yirik transformator o‘rnatish hisobiga tumandagi sanoat mahsulotlari hajmini qo‘shimcha 100 milliard so‘mga oshirish mumkin.  

Tumandagi 3 ta sanoat zonasida bo‘sh turgan 10 gektar maydonda 50 ga yaqin loyihani amalga oshirish va 1 mingga yaqin ish o‘rni yaratish bo‘yicha ham tashabbuslar bor.

25 million dollar investitsiya hisobiga Mustaqillik mahallasidagi 26 gektarda Agrologistika va yoshlar markazini tashkil qilib, 1,5 ming aholini yuqori daromadli ish o‘rni bilan ta’minlash mumkin.

Farg‘onani Andijon bilan bog‘laydigan yirik magistral yo‘l Quva tumanidan o‘tgan bo‘lib, bu hududdan kuniga 2-3 mingta avtomobil qatnaydi. Bu – yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Umuman, yangi aniqlangan imkoniyatlar orqali birgina Quvada yil yakuniga qadar qo‘shimcha 150 million dollarlik 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratadigan 160 ta loyihani boshlash uchun sharoitlar yetarli.

Eng muhimi, bu loyihalar hisobiga xorijdagi 6 ming nafar migrantlarimiz qaytib kelishi uchun muhit yaratiladi, deb ta’kidlandi yig‘ilishda.

O‘zA