Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani ko‘rsatib o‘tildi.  

Jumladan, aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani, suv ta’minoti og‘irligi sabab 1 ming 157 gektar ekin yerlari tanlovga qayta-qayta qo‘yilmoqda.

Viloyatda ekinlarni yetishtirish uchun xarajatlar 1 sotix yer maydoniga o‘rtacha 220 ming so‘mni tashkil qilib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,5 barobar ko‘p.

Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan.

Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda hokimlar tomonidan ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Shu bois, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Urinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S.Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A.Ziyavitdinov va soliq boshlig‘i T.Xusanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Farg‘ona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.

O‘zA