Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.  

Misol uchun, Farg‘ona shahrida o‘tgan yilning olti oyida bor-yo‘g‘i 25 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam atigi 12 million dollarni tashkil qilamoqda.

Marg‘ilon shahrida, O‘zbekiston, Bog‘dod, Toshloq tumanlarida jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.

–Davlat ajratgan har bir so‘mga hokimlarning o‘zi ham kamida shuncha miqdorda investitsiya jalb qilishi bo‘yicha topshiriq berganman. Bu borada, so‘nggi uch yilda Farg‘onaga yo‘naltirilgan har bir million dollar davlat investitsiyasiga 2,7 million dollar xorijiy investitsiya to‘g‘ri kelgan.

Lekin, Farg‘ona shahri va Oltiariqda davlat ajratgan har bir million dollarga nisbatan 200 ming dollar kam, Buvayda tumanida esa 300 ming dollar kam investitsiya jalb qilingan.

Bu tuman va shahar hokimlari qanday qilib bosh ko‘tarib yuribdi? Har biriga investitsiya bo‘yicha o‘rinbosar, 3-4 tadan alohida shtatlar berilgan bo‘lsa, – deya davlat rahbari mutasaddilarni tanqid qildi.

O‘zA