O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent shahrini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrini 2030 yilgacha rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi:

tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;

madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar va bulvarlar qiyofasini o‘zgartirish, yashil hududlarni keskin ko‘paytirish orqali poytaxtni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish hamda aholi va mehmonlar hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratish;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish orqali poytaxtni kommunal xizmat ko‘rsatish muammolaridan xoli hududga aylantirish va aholi harakatlanishi uchun yanada qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish;

yagona yondashuv asosida qurilishlarni muvofiqlashtirish va qurilish hajmiga mos ravishda ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish orqali “aqlli” shaharsozlik tamoyillarini joriy etish;

hokimlik tizimida har bir yo‘nalish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish, samaradorlik ko‘rsatkichlariga asoslangan zamonaviy menejmentni yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish.

Toshkent shahrini 2030 yilgacha rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

Toshkent shahrini yashash uchun eng qulay shaharlar reytingiga kiritish;

yalpi hududiy mahsulot hajmini 500 trillion so‘mga yetkazish;

sanoat va xizmatlar sohasida jami 40 milliard AQSH dollari miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish;

sanoat, xizmatlar va turizm eksporti hajmini 7,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va to‘liq modernizatsiya qilish;

qo‘shimcha 4 ming gektar yashil hududlar tashkil etish.

Farmonga muvofiq, Toshkent shahri hokimligi muassisligida davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi.

Toshkent shahrining infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, aholining kundalik hayotidagi kommunal va boshqa sohalardagi kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarni tezkor hal etish maqsadida Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta nomlanadi va Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish huquqi “Toshkent Insest kompaniyasi”ga beriladi.

Farmon bilan Toshkent shahrini 2023-2025 yillarda rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

 

O‘zA