Ko‘ksaroy qarorgohida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkiya davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Shundan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdo‘g‘onni yurtimizga tashrifi bilan qutladi.
Muloqotda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘llari, ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbollarini belgilash va rivojlantirish muhokama qiliinadi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, global va mintaqaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Avval xabar berilganidek, tashrif doirasida Turkiya Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida so‘zga chiqadi.
Prezidentlar O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston – Turkiya muzokaralari yakunida Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va uni jadal rivojlantirish masalalari aks etgan Qo‘shma bayonotni imzolashi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo turli sohalarga oid salmoqli hujjatlar to‘plami hamda qator investitsiya kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda.
Tashrif dasturidan Turkiya delegatsiyasining Buxoro shahrida bo‘lishi ham o‘rin olgan.