Rossiya elchixonasining 45 nafar xodimi, jumladan, diplomat va texnik xodimlar Moldovadan chiqarib yuboriladi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vazirligi rasmiy vakili Igor Zaxarov ma’lum qildi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, RF diplomatlari sonini Moldovaning Moskvadagi elchixonasi darajasigacha qisqartirish qarori qabul qilingan: 10 nafargacha diplomat, ma’muriy, texnik va boshqa funksiyalar uchun mas’ul xodimlar – jami 15 kishi. Bu qaror Moldovadagi ichki siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan nomaqbul harakat va urinish bilan izohlangan.
Notada rossiyalik diplomatlar 15 avgustgacha Moldovani tark etishlari zarurligi belgilangan.
Hukumat yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosari Tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Nikolay Popesku o‘tkazilgan jurnalistik tekshiruv yakuni bilan o‘rtoqlashdi. Kishinyov markazida joylashgan Rossiya elchixonasi binosiga ko‘plab antennalar o‘rnatilgani, xizmatchilar maxsus jihozlar yordamida maxfiy ma’lumot to‘plashi mumkinligi iddao qilingan.
Shu munosabat bilan kecha elchi Oleg Vasnetsov TIVga chaqirtirilgan va unga tegishli nota taqdim etilgan.
Jurnalistlar bilan suhbatda elchi josuslik haqidagi mojarodan diplomatik xodimlarni qisqartirish uchun bahona sifatida foydalanilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kishinyovning harakatlari ikki davlat o‘rtasidagi muloqot holatiga jiddiy putur yetkazadi.
O‘zA