Har yili 24 iyul kuni Fransiyaning Parij shahrida katta kurash bayramini tashkil etish odat tusiga kirib bormoqda.

Aynan shu kuni orzu va muhabbat ramziga aylangan Eyfil minorasi poyida nafaqat ko‘hna qit’aning, balki dunyoning eng zabardast polvonlari milliy sport turimiz kurash bo‘yicha kuch sinashadi.

Nufuzli kurash bayramiga yig‘ilganlar shiddatli va jozibador bahslarga guvoh bo‘lish bilan birga o‘zbek madaniyati, san’ati va milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalaridan bahramand bo‘lishadi.

Bu yil ham shunday bo‘ldi. Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taqvim rejasidan o‘rin olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan vakillar ishtirok etdi.

Kurash bahslari kutilganidan-da shiddatli va murosasiz o‘tdi. Jahon chempionlari, Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari, qit’a va dunyoda tengsiz bo‘lgan sara polvonlar g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

Kurash bo‘yicha 4 karra jahon chempioni, 2 karra Osiyo chempioni, qit’a o‘yinlari g‘olibi Muhsin Hisomiddinov o‘z g‘alabalari qatoriga Parij turniri g‘olibligini ham yozishga muvaffaq bo‘ldi.

U yarim finalda serbiyalik raqibini, final bahsida esa Yevropa ochiq chempionati g‘olibi Vikros Reskoni dog‘da qoldirdi. Bu, Muhsin Hisomiddinov oltin medal va 3000 yevro pul mukofoti bilan Toshkentga qaytishini ta’minladi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan turnir doirasida madaniy tadbirlar tashkil etildi. Unda o‘zbek san’atining taniqli vakillari o‘z qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarga bayram kayfiyatini armug‘on qildi.

26 iyul kunning ikkinchi yarmida Parij kurash maydonlarida milliy qadriyatlarimizni ulug‘laganlar hamda qizg‘in bellashuvlarda zafar quchgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib keldi.

Poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tashkil etilgan tantanali kutib olish marosimida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning yaqinlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA