Buyuk ajdodlarimizning boy harbiy merosi, boshqaruv va sarkardalik mahorati, umuman, milliy harbiy san’at tarixini o‘rganish va ommalashtirish yuzasidan yurtimizda samarali ishlar tashkil qilinmoqda.
Xususan, 2021 yil 1 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ayni yo‘nalishdagi vazifalarni belgilab berdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti tashkil etilib, unga qarashli markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida harbiy tadqiqotlar, harbiy merosni o‘rganish va takomillashtirish, harbiy tadqiqotlar institutida ilmiy maktab yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Otabek Yo‘ldoshev, institutning Harbiy xavfsizlik muammolarini tadqiq qilish markazi boshlig‘i polkovnik Azizjon Toirov, markaz boshlig‘i polkovnik Husanali Pardayev, tarix fanlari nomzodi, dotsent, katta ilmiy xodim Ozoda Rahmatullayeva ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, hozirga kelib Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha tajribali mutaxassislar bilan butlangan va tadqiqotchilar tomonidan bir qator ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, soha yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli milliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlari bilan memorandumlar imzolanib, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, institut bazasida Idoralararo ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, milliy harbiy merosni tizimli o‘rganish va ommalashtirish Konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida respublikamizda milliy meros yo‘nalishida ilmiy maktab va ilmiy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Institut ilmiy xodimlari tomonidan hozirgi kunga qadar nizom va konsepsiya loyihalari, turli monografiyalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar, risolalar, ilmiy jurnallar va tahliliy to‘plamlar ishlab chiqilib, qo‘shinlar faoliyati hamda OHTMlarining o‘quv-ilmiy va tarbiyaviy jarayonlariga tatbiq etilmoqda.
“O‘zbekistonning yangi taraqqiyoti davrida davlat va jamiyatning barcha yo‘nalishlarida bo‘lgani kabi harbiy ilm-fan, harbiy merosni o‘rganish borasida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutida Vatanimizning qadimdan to zamonaviy davrgacha ulug‘ ajdodlarimizning harbiy merosini ilmiy-asosli o‘rganish, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa sarkardalarning boy taktika hamda strategiyalari, milliy va jahon harbiy san’atiga qo‘shgan hissalarini manba asosida ochib berish, qahramonliklarini ommalashtirish vazifalari belgilangan. Xususan, Jaloliddin Manguberdi va Amir Temurning harbiy tematik lagerlarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilmoqda. Bu harbiy lagerlar yoshlarimizni tarixiy va harbiy bilimini oshirishga, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hamda yurtimizning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi”, – deydi Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, dotsent Ozoda Rahmatullayeva o‘z ma’ruzasida.
Tadbirda mutaxassislar ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzuga oid savollariga javob berishdi.
O‘zA