Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlarining qayd etishicha, keyingi yillarda agrodronlarning dunyo bozori o‘sishda davom etmoqda.
“GlobalData” ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2021 yillar oralig‘ida qishloq xo‘jaligi dronlari bilan bog‘liq patentlar soni 14 baravar oshgan. 2022 yil oxirida dronlar bozorining 11 foizi qishloq xo‘jaligining ulushiga to‘g‘ri keldi.
“FactMR” tahlil agentligining hisob-kitoblariga asosan 2033 yilga borganda agrodronlar bozori 4 barobar kengayadi va 14 milliard dollarga yetadi.
Xo‘sh, qishloq xo‘jaligida agrodronlardan foydalanishning asosiy afzalliklari nimalardan iborat?
Ushbu savolni quyidagicha asoslaymiz. Agrodronlardan foydalanishning afzalligi shundaki, u orqali dalalar kuzatib boriladi va o‘rganib chiqiladi. Dalalarga ishlov beriladi va ekin ekiladi, hosil miqdori aniqlanadi va hosildorlikni oshirishda foydalaniladi.
Qaysi davlatlar agrodronlardan samarali foydalanmoqda?
Xususan, Yaponiyada qariyb 5 million gektar ekin maydonlari mavjud. Bugungi kunda ushbu yerlarning 20 foizdan ortig‘ida zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashda dronlardan foydalaniladi. Mamlakatda dronlardan xavfsiz foydalanish uchun operatorlarga litsenziya berishning maxsus qoida va tizimi amal qiladi, ya’ni yagona tartib-qoida o‘rnatilgan. Bu fermerlarga o‘z fermasida ushbu texnologiyadan bemalol foydalanish imkonini beradi. Yaponiya Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vazirligining hisobotiga ko‘ra, 2023 yil oxirida mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi dronlari bozori hajmi 13,6 milliard iyenaga (taxminan 125 million AQSH dollari) yetadi.
Polsha qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dronlardan foydalanish tarmoq hosildorligining 5 foizgacha o‘sishiga va har yili iqtisodiy qiymatining 2,5 milliard yevroga qo‘shimcha ortishiga olib kelishi mumkin. 2015 yilda Polsha Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAA) dron operatorlari uchun birinchi qoidalar to‘plamini joriy etdi. Ushbu qoidalar dronlardan foydalanish uchun minimal talablarni, shu jumladan, operatorlarga har qanday tijorat dron parvozlari uchun CAA ruxsatini olish uchun talablarini belgilaydi. Keyinchalik CAA ushbu qoidalarni 2017 va 2021 yillarda yangiladi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida agrodronlardan foydalanish samara beradimi?
Albatta, bu qishloq xo‘jaligida keng imkoniyatlarni yaratadi. Tahlil taklifiga ko‘ra, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish sohada hosildorlikni oshirish, hosil sifatini yaxshilash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, shuningdek, yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA