Milliy matbuot markazida bir guruh tashabbuskorlar ishtirokida O‘zbekiston sumo federatsiyasining ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda keyingi yillarda yakka kurash sport turlari mamlakatimizda jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, kurash, belbog‘li kurash, dzyudo, sambo, karate va boshqa yakka kurash turlari bo‘yicha dongdor sportchilar yetishib chiqdiki, ularning muvaffaqiyatida sport federatsiyalarining alohida o‘rni bor, albatta.

O‘zbekistonda sumo sport turi vakillarining xalqaro maydonda munosib ishtirok etishlari uchun rasmiy federatsiya yo‘qligi ko‘plab yosh sportchilarga qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekiston sumo federatsiyasi ta’sis konferensiyasida tashkilotning nizomini qabul qilish, uning rahbar organini saylash, hududiy bo‘limlarni tashkil etish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish borasida belgilangan hujjatlar to‘plamini tayyorlash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Tadbir davomida federatsiyaning tashkiliy masalalari hamda chet mamlakatlardan sumo jihozlarini keltirish, xorijiy hamkorlarni jalb etish, Xalqaro sumo federatsiyasi, sumo milliy federatsiyalari kabi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida fikrlar ilgari surildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA