Adliya vazirligida “Doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji to‘g‘risidagi namunaviy nizom” davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, nizo mediator tomonidan ko‘rib chiqilib, tomonlar kelishuvga erisha olmaganda, nizoni mediator tomonidan ko‘rib chiqishda tomonlar mediator nomzodi bo‘yicha kelishuvga erishish muddati tugagan bo‘lsa, taraflar nizoni mediator bilan hal etishni rad etsa, jamoaviy mehnat nizosi ko‘rib chiqiladi.

Mehnat arbitraji respublika darajasida 7, tarmoq darajasida 5 hamda boshlang‘ich va hududiy darajada 3 nafar arbitrni o‘z ichiga oladi.

Arbitrlar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari orasidan shakllantiriladi. Ular oliy ma’lumotga hamda mehnat sohasida kamida 3 yillik stajga ega bo‘lishi kerak.

Arbitrlar nizoni hal etishga jalb qilinganda o‘rtacha ish haqi saqlab qolinib, asosiy ishidan ozod qilinadi.

Taraflar mehnat arbitrajiga ariza berishdan avval arbitraj qarorlarini bajarish majburiyligi to‘g‘risidagi shartni o‘z ichiga olgan kelishuv tuzadi.

Mehnat arbitraji nizoni boshlang‘ich va hududiy darajada – 5 ish kunigacha, respublika va tarmoq darajasida – 10 ish kunigacha ko‘rib chiqadi.

Mehnat arbitraji nizo bo‘yicha taraflar nizoni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishganligi to‘g‘risida, taraflardan biri nizo bo‘yicha talabdan voz kechganligi to‘g‘risida, nizoni taraflardan birining foydasiga hal qilish to‘g‘risidagi qarorlardan birini qabul qiladi.

Mehnat arbitraji qarori taraflar uchun majburiy kuchga ega hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, mehnat arbitraji – yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda taraflar o‘rtasidagi jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun tuziladigan doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi organdir.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA