Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligiga

2000 yil so‘nggida “XX asr buyuk shoiri” deya e’tirof etilgan taniqli avar shoiri Rasul Hamzatov haqida o‘ylaganda, negadir Belarusning Minsk shahrida o‘tkazilgan adabiy uchrashuvdagi bir savol-javob esga tushaveradi. O‘sha uchrashuvda adabiyot muxlisi shoirga shunday savol bilan murojaat qilgan ekan.

– Rasul Hamzatov, siz o‘n olti yoshingizda shoir bo‘laman, deb o‘ylaganmisiz?

– Yo‘q.

– Nega?

– Chunki men o‘n olti yoshimda shoir edim.

Naqadar mazmuni teran va haqqoniy javob! Negaki, 16 yoshida shoir bo‘lmagan odam keyin shoir bo‘la oladimi? Beixtiyor hazrat Navoiyning o‘smirlik paytidagi Mavlono Lutfiy bilan uchrashuvi esga keladi. O‘shanda Mavlono Lutfiy Alisherning o‘smirlik chog‘ida yozgan “Orazin yopqoch…” deb boshlanuvchi g‘azalini tinglab, “Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirar edim”, deya lutf etganlar. Bu vaqtda Alisher 13 yoshda, Lutfiy 88 yoshda bo‘lgan ekan. Demak, shoirlik yoshda emas, boshda!

Aslida, o‘zingizni qiziqtirgan savollarga shoirning “Mening Dog‘istonim” asarini qunt bilan o‘qisangiz, uzil-kesil javob topishingiz mumkin.

E’tiboringizga “Mening Dog‘istonim” asaridan parcha keltiramiz.

Mening she’r yozmagan vaqtim ham bo‘lgan. Nahotki, men o‘shanda shoir emas edim? Nahotki, o‘shanda mening yuragim sekin urgan, qonim sovuq bo‘lgan? Nahotki, o‘shanda meni alamlar qiynamagan, xursandchiliklar shodlantirmagan? Nahotki, o‘shanda dunyoni bilish ishtiyoqi menda sust edi? Nahotki, o‘shanda ko‘zlarim dunyo go‘zalliklarini hozirgiday ko‘ra olmagan? Nahotki, o‘shanda qora bulutlar orasida charaqlagan yulduzni ko‘rganimda hozirgiday hayajonlanmaganman? Nahotki, o‘shanda turnalar nolasi va tulporlar kishnashi meni o‘yga toldirmagan? Nahotki, o‘shanda qadimiy qo‘shiqlarimiz va ota-bobolarimizga bag‘ishlangan qasidalarni tinglaganimda, ko‘zlarimga yosh kelmagan bo‘lsa?.

ESIMDA, bolaligimda qo‘shnimizning otini uch kun o‘tlatib kelgandim. Qo‘shnimiz bu xizmatim evaziga menga bitta ertak aytib bergandi.

ESIMDA, bolaligimda tog‘dagi cho‘ponlar huzuriga qatnardim. Yarim kunim borishga, yarim kunim qaytishga ketardi. Men toqqa bitta she’r tinglash uchun borardim. Axir, bejiz Unsukul noklari, Imrin uzumlari, Butsra asali, avarliklar qo‘shiqlari deyilmaydi.

ESIMDA, ikkinchi sinfda o‘qiyotgan vaqtimda o‘zimizning Sada ovulidan tog‘ so‘qmoqlarida 20 kilometrcha yurib, Butsra ovuliga borganman. O‘sha ovulda otamning keksa qadrdon do‘sti yashardi. U ko‘plab qadimiy qo‘shiq, she’r va afsonalarni bilardi. Qariya to‘rt kun davomida ertalabdan kechgacha bilgan she’rlarini o‘qidi va qadimiy qo‘shiqlardan kuyladi. Men ularni mumkin qadar yozib olishga harakat qildim. Men she’r va qo‘shiq yozilgan qog‘ozlarni xurjunimga soldim, uni yelkamga tashlab xursand holda yo‘lga tushdim.

Butsra ovuli tog‘ bag‘rida joylashgan. Men toqqa chiqayotgan vaqtimda bir to‘da qopag‘on itlar quvlab qolishdi. Ular o‘ntadan ko‘p edi. Ular ortimdan maysa to‘lqinlari uzra xuddi kemaga yo‘naltirilgan torpedalarday uchishardi. Men itlarning katta og‘izlaridagi o‘tkir tishlarini aniq ko‘rdim. Yana bir lahza o‘tsa bas, itlar meni g‘ajib tashlardi. Shu payt cho‘ponning hayqirig‘i yangradi:

– Yot! Qimirlama!

Men yerga yuztuban yotib toshday qotdim. Qimirlashga holim yo‘q, hatto nafas olishga qo‘rqardim. Faqat yuragim duk-duklab urardi, uning ovozi yon-atrofda aks sado berardi. Itlar atrofimda to‘xtab, meni va she’rlar solingan xurjunimni hidlashdi. Yanglishganini sezishganday bir-biriga qarashdi, keyin xayollarida paydo bo‘lgan yangi o‘ljani quvlab chopib ketishdi va bir zumda tepalik orqasiga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.

Men cho‘pon qo‘ylarini haydab yonimga kelguncha yotaverdim.

– Hoy, kimning o‘g‘lisan?

– Men sadalik Hamzatning o‘g‘li Rasulman.

Atayin otamning ismini aytdim. Cho‘pon otamning ismini eshitgach, menga qattiq botadigan gaplar aytmaydi deb o‘ylagandim.

– Sen bu tog‘larda nima qilib yuribsan?

– Men Butsraga she’r-qo‘shiq yozib olgani borgandim, mana ular xurjunimda.

Cho‘pon she’r yozilgan qog‘ozlarni olib ko‘zdan kechirdi.

– Demak, sen ham shoir bo‘lmoqchisan. Nega unda itlardan qo‘rqding? Tanlagan yo‘lingda hali senga itlar ko‘p bor tashlanishadi. Ular mening itlarimga o‘xshab she’rlaringni hidlagach, oldingdan tezda ketishmaydi. Ammo sen qo‘rqma, hech narsadan qo‘rqmasliging kerak. Sen bu tog‘ qandayligini bilasanmi? Aynan shu tog‘da Hojimurod toshdan-toshga sakragan va ta’qibchilarini dog‘da qoldirgan. Bilib qo‘y, o‘z yurtingda seni tog‘lar ham suyaydi.

Ilgari men aql-hushimni olgan she’riy hayajonlar, qalbimdagi bezovtalik, yuragimni zabt etgan muhabbat o‘tkinchi, vaqt o‘tishi bilan unutiladi deb o‘ylardim. Mana sochimga oq tushdi, bolalarim ulg‘aydi, kitoblarim sarg‘aydi, lekin o‘sha tuyg‘ular meni tark etgani yo‘q. To‘g‘rirog‘i, ular she’riyat bo‘lib hamon menga yo‘ldosh. Shu bois she’riyat senga arzimni aytaman.

SHE’RIYAT, o‘zing juda yaxshi bilasan, sen haqingda qancha gapirgan bilan badiiyliging oshib yaxshi bo‘lib qolmaysan. Qanday qilib, gaplar bilan qo‘shiqni ulug‘lash mumkin? Qanday qilib, choynak jo‘mragidan suv quyib tog‘ jilg‘asining shiddatini oshirish mumkin? Qanday qilib, puflab shamolni kuchaytirish mumkin? Qanday qilib, bir bo‘lak qor tashlab qorli tog‘ni ulug‘vor qilish mumkin? Nahotki, kiyim bichimini o‘zgartirish yoki mo‘ylovni tarashlash bilan onaning o‘g‘liga bo‘lgan mehrini oshirib bo‘lsa?!

SHE’RIYAT, sensiz men yetim bo‘lib qolardim.

SHE’RIYAT!..

Sensiz dunyo o‘xshardi go‘yo,

Quyosh nuri tushmagan g‘orga.

Yo yulduzsiz sim-siyo samo,

Yo bir oshiq zoru zor yorga.

Sensiz dunyo hayot yo‘q ummon,

Suvi muzlab gezarib qotgan.

Sensiz dunyo gulsiz bir makon,

Bulbullarsiz huvillab yotgan.

Sensiz dunyo bargsiz bir daraxt,

Boshida qish, unga yot bahor.

Sensiz bashar g‘arib va bebaxt,

Kuylamas, kuy bo‘lmaydi zinhor.

Men ko‘p mamlakatlarda kezganman. Ba’zan piyoda, ba’zan otda, ba’zan poyezd kupesining yuqori polkasida uxlash uchun cho‘zildim, ba’zan avtomobilda yo‘limni davom ettirdim.

Meni otda yoki piyoda ketayotganimni ko‘rgan odamlar shunday o‘ylagan bo‘lishlari mumkin: Mana, Rasul Hamzatov. Bir o‘zi ketayapti. Yolg‘izlikdan zerikayotgandir. Biroq men hech qachon yolg‘iz o‘zim qolmaganman. Har doim men bilan birga – She’riyat bo‘lgan. Biz bir-birimizdan biron lahzaga ham ajrala olmaymiz. Hatto tushlarimda ham she’r to‘qiyman yo avval yozgan she’rlarimni eslayman yo boshqa shoirlarning she’rlarini yoddan o‘qiyman.

Avvallari dunyoda shoirlar juda kam deb o‘ylardim. Shubhasiz, shoirlarga o‘zgalar davrasida bo‘lish qiyin. Har kimning o‘ziga yarasha tashvishi bor. Tanish va qo‘shnilar bilan nima haqda gaplashish mumkin: ish, maosh, uy-ro‘zg‘or, xotinlar g‘alvasi, dam olish, baliq ovi, kino, kasalliklar va shunga o‘xshash bir talay mavzular. Albatta, shoir ham bu mavzularda o‘zgalar bilan gaplasha oladi. Ammo kim u bilan she’riy qarashlari, she’riyat haqida dardlashadi?

Endi tushundimki, dunyoda shoirlik xususiyati bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘q ekan. Har bir odam qalban shoir. Har holda, qadrdonlar bir-birining uyiga borib yo‘qlab turganday, she’riyat ham har bir odamning uyiga mehmon bo‘lib borgan.

Xalqimiz bolalarni sevganday qo‘shiqlarni ham sevadi. Ha, bizning hammamiz shoirmiz. Faqat bizning farqimiz shundaki, ayrimlarimizgina she’r yozadi. Chunki ular she’r yozishni bilishadi. Boshqa birovlari ham she’r yozadi, faqat ular she’r yozishni bilaman deb o‘ylashadi. Uchinchi toifadagi odamlar esa umuman she’r yozishmaydi. Ehtimol, haqiqiy shoirlar ana shu uchinchi toifadagi odamlar orasidadir.

Biz oilada besh farzand – opam va to‘rtta aka-uka edik. Opam hammamizdan katta bo‘lgani uchun barcha tog‘lik ayollar kabi uning peshanasiga ham mehnat, tashvish va ko‘z yosh to‘kish yozilgan ekan. Shu bois otam bizga tez-tez takrorlab turardilar.

– Siz to‘rttasiz, opangiz esa yolg‘iz. Uni asranglar, har doim g‘amxo‘ri bo‘linglar. Yer yuzida sizga opangizdan yaqinroq odam yo‘q.

Haq gap, opam – mening eng yaqin mehribonim. Biroq mening ikkinchi opam ham bor. Bilmayman, ularning qaysi biri menga qadrdonroq. Mening ikkinchi opam – SHE’RIYAT. Men usiz yashay olmayman.

Ba’zan o‘z-o‘zimdan so‘rayman: uning o‘rnini nimadir bosa oladimi? Men uchun dunyoda boshqa qadrdon narsalar ham bor: tog‘lar, qor va jilg‘a, yomg‘ir va yulduzlar, Quyosh va non… Biroq tog‘lar, yomg‘ir, Quyosh she’riyat bilan, she’riyat esa ular bilan ulug‘vordir. Chunki she’riyatsiz tog‘lar toshlar uyumidan iborat tepalikka, yomg‘ir namlikni orttiradigan va ko‘lmak hosil qiladigan suyuqlikka, Quyosh esa issiqlik taratuvchi osmon jismiga aylanib qolardi.

Yana o‘z-o‘zimdan so‘rayman: she’riyatning o‘rnini boshqa biron narsa bosa oladimi? To‘g‘ri, cheksiz zamin, qushlar sayrog‘i, moviy osmon, bezovta yuragimning duk-duklashi bor. Biroq she’riyatsiz ular o‘zlarining go‘zal ko‘rinishini namoyon etisharmidi? Axir, she’riyatsiz olis mamlakatlar o‘rnida geografik hududlar, qushlar sayrog‘i o‘rnida narning makiyoniga tabiiy ehtiyoj yuzasidan qilgan izhori, moviy osmon o‘rnida turli gazlar aralashmasi, bezovta yurakning duk-duklashi o‘rnida organizmda qon aylanishi degan tushunchalar qolardi, xolos.

To‘g‘ri, nafosat, yaxshilik, rahmdillik, muhabbat, go‘zallik, vatanparvarlik, iftixor, nafrat kabi tushunchalar bor. Biroq, bu tushunchalar tufayli she’riyat paydo bo‘lganiday, bu tushunchalar she’riyat tufayli ulug‘vor. Ular she’riyatsiz, she’riyat ularsiz mavjud emas.

Mening she’riyatim o‘zligimni yaratayapti, men esa she’riyatimni yaratayapman. Biz bir-birimizsiz o‘likmiz, aniqrog‘i, mavjud emasmiz. Mening tanimda ham suyaklar va mushaklar bor. Tashqaridan qaragan odam qaysi suyagim butun va mustahkam, qaysisi singan va bitib ketganini bilmaydi. Ammo rentgen nurlari tanamdan o‘tganda mening suyaklarim to‘g‘risida begonalarga ham to‘liq ma’lumot beradi.

Mening qalbim his-hayajonlari qovurg‘amga, umurtqamga, yoki o‘pkamga nisbatan yanada ichkariroqda va yanadi mustahkamroq himoyalangan. Lekin she’riyat nurlari qalbimni yoritadi va undagi har bir his-hayajon o‘zgalarga oshkor bo‘ladi. Ha, mening qalbim sizga kaftdagiday namoyon, she’riyatning sehrli nurlari tufayli o‘zgalar uni aniq-tiniq ko‘rishadi.

Kompyuterda minglab qism va simlar bor. Uning dasturiga ko‘plab sonlardan iborat murakkab masalani yechishni joylashtirdingiz. Elektr toki kompyuterning son-sanoqsiz qism va simlari bo‘ylab harakatga tushadi. Kompyuterda kechayotgan bu jarayonlarni hech bir ko‘z ko‘rmaydi, hech bir aql tasavvur qilolmaydi. Biroq monitorda javob – masalaning yechimi paydo bo‘ladi.

Xuddi shunday mening tanamdagi son-sanoqsiz tomirlarimdan qanday taassurot, qanday muhabbat, qanday nafrat oqayotganini hech kim bilmaydi. Ijodkor qalbimda kechgan mana shunday minglab tuyg‘ularimning hosilasi oxir-oqibat qog‘oz uzra she’rga aylanadi.

YON DAFTARCHADAN

Adabiyot institutiga kirganimda, birinchi bosqichda yigirmata shoir, to‘rtta yozuvchi va bitta dramaturg edik. Ikkinchi bosqichda o‘n beshta shoir, sakkizta yozuvchi, bitta dramaturg va bitta tanqidchi bo‘ldik. Uchinchi bosqichda sakkizta shoir, o‘nta yozuvchi, bitta dramaturg va oltita tanqidchiga bo‘lindik. Oxirgi – beshinchi bosqichda bitta shoir, bitta yozuvchi, bitta dramaturg qoldik, boshqalar tanqidchi bo‘lib ketishdi.

Ehtimol, bu bo‘rttirib to‘qilgan latifadir. Ammo unda hayot haqiqati mujassam. Negaki, ko‘pchilik ijodini she’r to‘qishdan boshlaydi, keyin nasrga, keyin dramaga, keyin maqola yozishga o‘tadi. Hozir kinossenariy yozish urf bo‘lib borayapti.

Yosh shoir-yozuvchilar qatorida Adabiyot institutiga qabul qilinganimda, men butunlay yangi muhitga tushdim. Menga hamma o‘rgatardi – Moskvaning o‘zi, seminarlar, seminarlarda so‘zga chiqqan taniqli shoirlar, dars paytlarida professorlar, talabalar uyida kursdoshlar, har tarafdan o‘rgatavergandan keyin qanchadir muddat hushimni jamlay olmay gangib qoldim. Hatto, yangi g‘alati uslubda ijod qila boshladim. Holbuki, bu uslub avar adabiyotida umuman bo‘lgan emas.

Yashirib nima qilaman, o‘sha kezlarda she’rlarim rus tiliga tezroq o‘girilishini juda-juda istardim. Men rus o‘quvchilari tomon intilardim. O‘ylardimki, mening yangi uslubim rus o‘quvchilariga yaqin va tanish. O‘sha kezlarda avar tilining, she’riyatning ohanglariga umuman e’tibor bermay qo‘ydim. She’rlarimda yaltiroq tuzilish, bayonchilik bo‘rtib borardi. O‘zimcha qanday yozishni endi o‘rgandim, deb o‘yladim. Aslida esa, o‘shanda o‘zimga o‘ng‘ayroq joy izlagan ekanman.

Yaxshiyamki, she’riyat va safsatabozlik boshqa-boshqa narsa ekanligini tezda angladim. Buni mendan avvalroq ko‘pni ko‘rgan otam payqabdi. Otam yangi she’rlarimni o‘qishi bilan men bir tuyur quyruq yeyman deb qo‘ylarni so‘yib tashlayotganimni, hech narsa unmaydigan toshloq yerni shudgor qilib ekin ekayotganimni, osmonda bulutni ko‘rmay yomg‘ir kutayotganimni darhol tushunib yetibdi.

Otam buni bilsa ham mulohazali odam bo‘lgani uchun bir suhbat paytida ehtiyotkorlik bilan dedi:

– Rasul, keyingi paytlarda sening xating yomonlashib borayotgani meni tashvishga solayapti.

– Ota, xat yozishning yaxshi-yomonligini maktabda tekshirishadi, men u yoshdan o‘tganman. Kattalardan esa, qanday yozganini emas, nima yozganini so‘rashadi.

– Ehtimol, ma’lumotnoma yozib beradigan militsiyachi yoki Ovul kengashi kotibi uchun shundaydir. Shoir uchun uning xati, uning uslubi – ijodiy ishining yarmi degani. She’rda qanday yangi fikr bo‘lmasin, albatta u jozibali bo‘lishi kerak. Jozibali bo‘lganda ham o‘ziga xos jozibali bo‘lishi shart. Shoir uchun o‘z uslubini topishi o‘zligini topishidir, demakki, chinakam shoir bo‘lishidir.

Ma’lumki, agar dramada shoir obrazi bo‘lsa, dramaturg­нинг eng qiyin vazifasi shoir obraziga she’r yozishdir. Shuning uchun spektaklda shoir obrazi bo‘lsa, u ko‘pincha muallifning emas, taniqli shoirlarning she’rlaridan foydalanadi. She’rsiz shoir bo‘lar ekanmi? Bunday shoirning oynavand magazindagi chiroyli kiyim kiydirilgan manekendan nima farqi bor?

Men hech kimga o‘xshashni istamayman – hatto Umarga ham, Pushkinga ham, Bayronga ham.

ESDALIKDAN

Negadir otam bilan men bir-birimizga she’rlarimizni o‘qib bermasdik va bu mavzuda suhbatlashmasdik. Men otamning yangi she’ri to‘g‘risida chop etilganda, radioda o‘qilganda yoki do‘stlar aytishganda bilar edim. Otam ham men yangi she’r yozganimni huddi shunday bilardi.

1949 yilda avar gazetasi “Tug‘ilgan yilim” dostonimni chop etdi. O‘z-o‘zidan ayon, bu gazetadan otam ham olibdi va unga qalam bilan qaydlarini yozib qo‘yibdi. Men bu gazetani ko‘zdan kechirar ekanman, otam dostonimni diqqat bilan o‘qiganini sezdim. Chunki ayrim misralarim ustiga mazmunga monand misralar yozib chiqibdi. Otam mening dabdabali misralarimni, murakkab tashbihlarimni, ko‘zni qamashtiradigan o‘xshatishlarimni o‘zgartirganini darhol angladim. Mening misralarim ustiga yozilgan misralarga otam samimiy, oddiy va tushunarli so‘zlarni ishlatgandi.

Hozirgacha men otam tuzatishlar kiritgan shu gazeta nusxasini saqlab qo‘ymaganim uchun afsuslanaman. Mening bir odatim bor: she’rim chop etilishi bilan qoralamalarni, qo‘lyozmalarni darhol yoqib yuboraman.

O‘shanda ko‘plab tuzatishlarni ko‘rganda xursand bo‘ldim, ular dostonimni kuchaytirardi. Ayrim tuzatishlarni esa, sira hazm qilolmadim va otamga e’tirozimni bildirdim:

– To‘g‘ri, siz mendan ko‘ra ko‘pni ko‘rgansiz, iqtidorlisiz, aqllisiz. Lekin men o‘zga davr shoiriman. Mening maktabim boshqa. Adabiy qiziqishlarim boshqa, uslubim boshqa, hammasi boshqa. Sizning bu tuzatishlaringizda Hamzat Sadasaning she’riy uslubi aks etgan. Axir, men Hamzat Sadasa emasman, bor-yo‘g‘i Rasul Hamzatovman. Mening o‘z uslubim, o‘z yo‘nalishim bor.

– O‘g‘lim, sen unchalik haq emassan. Sening uslubing va yo‘nalishing, sening fe’l-atvoring va axloqing she’rlaringda ikkinchi darajali bo‘lishi kerak. Birinchi o‘ringa esa, xalqingning fe’l-atvori va axloqi chiqishi shart. Avvalo, sen avarsan, tog‘liksan, keyin Rasul Hamzatovsan. Misralaringda shunday ifoda qo‘llagansanki, hech bir tog‘lik hayotda fikrini shunday ifodalamaydi. Agar sening she’riy misralaring tog‘liklar ruhiga, fe’l-atvoriga begona bo‘lsa, sening yo‘nalishing yo‘nalishligicha qolib ketadi. Yozganlaring chiroyli ko‘rinar, ehtimol, qo‘g‘irchoqlardan ham chiroyli ko‘rinar. O‘zing yaxshi bilasan: agar bulut bo‘lmasa, yomg‘ir paydo bo‘ladimi? Agar osmon bo‘lmasa, qor qayoqdan yog‘adi? Agar Dog‘iston va avar xalqi bo‘lmasa, Rasul Hamzatov dunyoga kelarmidi? Xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan urf-odatlari bo‘lmasa, sening urf-odatlaring shakllanarmidi?!

Ha, bir zamon otam bilan mening o‘rtamda shunday suhbat bo‘lib o‘tgandi. Keyin esa, o‘shanda otam naqadar haq ekanligiga ko‘p bor imon keltirdim.

YON DAFTARCHADAN

Belgiya. Men jahon shoirlari uchrashuvi qatnashchisiman, unda ko‘plab millat va mamlakatlarning vakillari ishtirok etishdi. Har bir qatnashchi o‘z xalqi, uning madaniyati, she’riyati va taqdiri to‘g‘risida gapirishdi. Bu uchrashuvda Londondan kelgan venger, Parijdan kelgan eston, San-Fransiskodan kelgan polyak kabi vakillar ham bor edi. Taqdir ularni o‘z yurtidan uzoqqa, dengizlar va tog‘lar ortiga, o‘zga mamlakatlarga yetaklagan bo‘lsa, nima qilishsin?

Uchrashuvda bitta shoirning shunday so‘zlari yodimga muhrlanib qoldi.

– Janoblar, biz turli mamlakatlardan kelib shu joyda to‘plandik. Sizlarning har biringiz o‘z millatingiz, o‘z mamlakatingiz vakilisiz. Faqat mengina bitta xalqning, bitta mamlakatning vakili emasman. Men barcha xalqlarning, barcha mamlakatlarning va umumshe’riyatning vakiliman. Ha, men – she’riyatman. Men – quyoshman, butun sayyoraga nur taratuvchi. Men – yomg‘irman, ona zamin tashnaligini qondiruvchi, unda qaysi millat yashayotganiga e’tibor ham bermayman. Men – daraxtman, Yer sharining hamma joyida bir xil gullaydigan.

U shunday dedi va minbardan tushdi. Ko‘pchilik uni olqishladi. Men o‘yga toldim. Chindan ham u haq, biz shoirlar butun dunyoga javobgarmiz, ammo o‘z tog‘liklari nomidan gapira olmagan odam, butun dunyo nomidan gapira oladimi? Nazarimda, u o‘zi tug‘ilgan yurtdan ketib, o‘zga mamlakatda uylangan va qaynonasini ona degan odamga o‘xshaydi. To‘g‘ri, hamma qaynonasini hurmat qilishi kerak, lekin baribir ona ona-da!

Agar sendan kimligingni so‘rashsa, barcha ma’lumotlaring yozilgan pasportingni ko‘rsatishing mumkin. Agar xalqdan kimligini so‘rashsa, u shunday hujjat o‘rniga o‘zining olimini, shoirini, rassomini, bastakorini, siyosiy arbobini, sarkardasini ko‘rsatadi.

Har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu vazifani zimmasiga olishga o‘zini tayyorlashi kerak.

Odamga ism, bo‘rk va qurol beriladi, chaqaloqligidan boshlab unga alla aytib, ona tiliga, o‘z yurtiga mehr singdiriladi.

Meni taqdir qaysi joylarga olib bormasin, tug‘ilgan yurtimning, tog‘larning, otni egarlashga o‘rgatgan ovulning vakili ekanimni unutmayman va o‘zimni o‘sha joylarda Dog‘istonning maxsus muxbiri sifatida sezaman.

Dog‘istonimga esa, umuminsoniy madaniyatning maxsus muxbiri, butun mamlakatning, butun dunyoning vakili sifatida qaytaman.

MAVZU HAQIDA

Mavzu yozuvchining dunyosi, yozuvchining o‘zi. Yozuvchi mavzusiz mavjud emas. Har bir yozuvchining o‘z mavzusi bor.

Fikr va tuyg‘ular – qush, mavzu – osmon; fikr va tuyg‘ular – bug‘u, mavzu – o‘rmon; fikr va tuyg‘ular – kiyik, mavzu – tog‘; fikr va tuyg‘ular – yo‘l, mavzu – shahar, unda barcha yo‘llar tutashadi.

Mening mavzuim – Vatan! Vatanni tanlashimga va izlashimga hojat yo‘q. Biz Vatanni tanlamaymiz, chunki Vatan bizni allaqachon tanlab bo‘lgan. Samolyot bo‘lmasa, aerodrom qurilmaydi. Xuddi shundan yozuvchi Vatansiz bo‘lishi mumkin emas.

Burgut tovuqlar orasida bemalol yuraversa, endi u burgut emas. Tog‘ takasi jamoa xo‘jaligi otarida yoyilib yuraversa, endi u tog‘ takasi emas. Gulmohi akvariumda suzaversa, endi u gulmohi emas.

Samolyot muzeyda turgan bo‘lsa, endi u samolyot emas, oddiy eksponat.

Xuddi shunday, sayramaydigan bulbul aslo bulbul emas.

Odam tilga kirishi uchun ikki yil kifoya, lekin tilini tiyib turishni o‘rganishi uchun oltmish yil kerak bo‘ladi. Men ikki yoshda ham, oltmish yoshda ham emasman. Shu yoshlar orasidagi yo‘ldaman. To‘g‘rirog‘i, ikkinchi nuqtaga yaqinlashib qoldim, shuning uchun barcha aytgan so‘zlarimdan hali aytilmagan so‘zlarim qadrliroq.

To‘g‘ri, barcha dog‘istonliklar uchun Dog‘iston bitta, yagona. Lekin har bir dog‘istonlikning qalbida o‘z Dog‘istoni bor.

Mening ham o‘z Dog‘istonim bor.  Mengina uni shunday ko‘raman, mengina uni shunday tasavvur qilaman. Dog‘istonimda shuncha yil yashab nimaiki ko‘rgan, bilgan bo‘lsam, mengacha yashagan va men bilan zamondosh dog‘istonliklar, qo‘shiqlar va daryolar, hikmatlar va qoyalar, osmonda uchgan burgutlar va otning tuyog‘idan tushib qolgan taqalar, tog‘ so‘qmoqlari va hatto daradagi aks sadolar qalbimda o‘z Dog‘istonimni paydo qilishdi.

ALBATTA, yozuvchi ko‘zlarida ko‘rganlari bilan kifoyalanib qola olmaydi. Musiqani quloqlari bilan eshitadi, yurt tarixini kitoblardan o‘qiydi. Ayrim yozuvchilar his qilish tuyg‘usini ko‘rish va eshitishdan yuqori qo‘yadi.

Yozuvchilarga har ishga yaroqli kuchli qo‘llar, chidamli oyoqlar, mustahkam tishlar kerak. Shuningdek, unga ko‘rgan, eshitgan va o‘qiganlaridagi haqiqatni yolg‘ondan, oltinni yaltiroq jezdan, donni kurmakdan ajratib olishi uchun aql va bilim kerak bo‘ladi. Aql va bilim bo‘lmasa, odam ko‘rgan narsasiga ham ishonishi qiyin.

Ilgari oltinni hech qachon ko‘rmagan va lekin uning qiymati to‘g‘risida ko‘p eshitgan chekka ovuldagi tog‘liklar og‘ir sandiq topib olishibdi. “Og‘irmi, demak ichi to‘la oltin”, deya o‘ylashibdi ular. O‘ljani qo‘lga kiritish uchun janjal boshlashibdi. Ular bir-birini o‘ldirishibdi. Sandiq ichida esa, mis bor ekan.

Iste’dod – olov. Ammo olov ahmoq qo‘lida bo‘lsa, yon-atrofdagilarga xavf soladi. Aqlgina iste’dodni ezgulikka yo‘naltiradi. Xuddi tajribali chavandoz asov tulporni egarlaganday, aql go‘zallikni yanada go‘zallashtira oladi.

Tog‘likdan so‘rashibdi, nimani tanlaysan: go‘zallar chiroyli yuzinimi yoki keksalar donishmandliginimi?

Ahmoq chiroyli yuzni tanlab ahmoqligicha qolibdi. Xotini chiroyli yuzli ahmoq erini tashlab ketibdi. Aqlli keksalar donishmandligini tanlabdi va xotinini donishmandlik bilan yo‘lga solibdi. Xuddi ertakdagiday: suv tulporiga go‘zalni donishmandlikni tanlagan yigitgina mindiradi. Shuningdek, ertaklarda uch og‘a-ini, uchta yo‘l va uchta donishmandlar hikmati haqida ham yozilgan. Kimki shu hikmatlarga amal qilsa, Vataniga eson-omon qaytib murod-maqsadiga yetgan, kimki hikmatlarga quloq solmasa, o‘zga mamlakatlarda xor-zor bo‘lgan.

O, mening tilla baliqcham, iste’dod bergin, shu iste’dodga yarasha g‘ayrat, yigitlarga xos jo‘shqinlik va to‘g‘riso‘zlikni, keksalarga xos donishmandlikni ato et. Hayot chorrahalarida hamisha to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsat.

Mayli, bu yo‘l toshloq, tik va xavfli bo‘lsin. Men yo‘llarda ilonga o‘xshab sudralib yurishni istamayman. “Nega ilonlar egri?” deya so‘rashibdi tog‘liklar va o‘zlari javob berishibdi: “Chunki ular o‘rmalab o‘tadigan teshiklar, tuynuklar, yoriqlar egri”. Men ilon emasman, insonman! Men yuksaklikni, musaffolikni va to‘g‘ri yo‘lni sevaman.

Meni kasallikdan, qo‘rqoqlikdan, yengil-yelpi o‘ylardan, shon-sharaf yukidan, bevaqt o‘limdan asra!

Meni kayf-safoga berilib ketishdan asra, chunki kayf-safo odamga yaxshi narsani yuz marta yaxshiroq ko‘rsatadi.

Meni juda ehtiyotkor bo‘lishdan ham asra, chunki juda ehtiyotkor odamga yomon narsa yuz marta yomonroq ko‘rinadi.

Menga shunday haqiqat tuyg‘usini berginki, egrini egri deyin, to‘g‘rini to‘g‘ri.

“Bu rasvo jahonda yashamoq og‘ir”,

Deb birinchi shoir olamdan o‘tdi.

“Yashash yaxshi!” – dedi ikkinchi shoir,

Va dunyodan yigit yoshida ketdi.

Uchinchi shoir ham o‘tdi begumon,

Biroq u shunchaki aytmadi qo‘shiq.

Nima yomon bo‘lsa atadi yomon,

Nima yaxshi bo‘lsa kuyladi jo‘shib.

OTAM AYTARDILAR

Bir kuni Shomildan noiblari so‘rashibdi:

– Imom janoblari, tushuntirib bersangiz, nega shoirlarga she’r yozishni va qo‘shiq qilib kuylashni taqiqladingiz?

Shomil javob qaytardi:

– Men haqiqiy shoirlar shoir bo‘lib qolishini istadim, xolos. Axir, haqiqiy shoirlar baribir she’r yozaverishadi. Yolg‘onchilar, o‘zini shoir deb hisoblovchi ikkiyuzlamachilar esa mening taqiqlovchi qarorimni eshitishlari bilan ovozlarini o‘chirishadi. Shu bilan o‘zlarini ham, xalqni ham aldashmaydi.

– Imom janoblari, ayting-chi, nega Said Arakanskiy she’rlarini daryoga tashlab yubordingiz?

– Haqiqiy she’rlarni daryoga tashlab oqizib bo‘lmaydi, haqiqiy she’rlar yuraklarda yashaydi. Agar she’rlarining oddiy qog‘ozchalik qiymati bo‘lsa, mayli, ular daryoda oqsin. Uning yengil-yelpi she’rlarini daryo oqizib ketsa, Said Arakanskiy yaxshisi, boshqa foydali ish bilan shug‘ullansin.

Har doim meni yozuvchilarga yaqin yildagi rejalaringizni so‘zlab bering, deya qilingan iltimoslar taajjubga soladi. Albatta, yozuvchilar ham yozmoqchi bo‘lgan narsalarining umumiy yo‘nalishlarini chamalab qo‘yishadi. Ehtimol, roman yoki trilogiya yozishni rejalashtirish mumkindir, lekin she’rni… She’rlar har doim kutilmaganda, bir tuhfaday keladi. Shoirning ish tartibi biron-bir qat’iy rejaga bo‘ysunmaydi.

Ha, shoir she’r yozishi kerak! Ammo shoirga she’r yozishdan ham, iste’doddan ham ko‘proq kerakli narsa, bu uning o‘z vijdoni oldida, odamlar oldida hamisha samimiy bo‘lishidir.

 

 

Asror MO‘MIN tarjimasi