O‘zbekistonda xalqaro tijorat uchun qulay huquqiy tizim yaratish, xususan, Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishini ta’minlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2023 yil 2 iyunda “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu asosda Adliya vazirligida Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish boshqarmasi hamda tegishli vazirlik va idoralarda JST masalalari bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalar tashkil etildi.
Adliya vazirligida tashkil etilgan mazkur boshqarmaga milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish hamda vazirlik va idoralar tomonidan mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring va tahlil qilib borish vazifasi yuklatildi.
Ta’kidlash lozimki, milliy qonunchilikni JST bitimlari va qoidalariga uyg‘unlashtirish JSTga a’zolik masalalarini jadallashtirishning asosiy elementi hisoblanadi.
Shunga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya yig‘ilishi tomonidan Qonunchilikni moslashtirish bo‘yicha yangilangan ish rejasi (Updated LAP) tasdiqlandi va 46 chora-tadbirni o‘z ichiga olgan ushbu hujjat JST Kotibiyatiga belgilangan tartibda taqdim etildi.
Mazkur reja va Prezident qarori ijrosini ta’minlash hamda istiqboldagi vazifalarni muhokama qilish maqsadida Adliya vazirligida mas’ul davlat organlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Tadbirda Qonunchilikni JST bitimlariga moslashtirish bo‘yicha yangilangan ish rejasining har bir bandi bo‘yicha vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar batafsil tahlil qilindi va ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA