Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rildi.

—Qonun loyihasi bilan metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish maqsadida davlat metrologiya nazoratini tashkil etish va sohada xizmatlarni ko‘rsatish funksiyalari belgilanmoqda, —dedi deputat N.Jumayev. —Kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari vakolatidagi metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish vakolati O‘zbekiston milliy metrologiya institutiga berilayapti. Buning  natijasida davlat metrologiya nazorati va metrologiya xizmatlari ko‘rsatishda vujudga keladigan manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etiladi.

Qonun loyihasi bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslar (xususiy sektor)ga o‘lchash vositalarini qiyoslash xizmatlarini ko‘rsatish huquqi ham berilyapti. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyat sohasini kengaytirishga, metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Savol-javoblar, bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA