O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida muhaddislar sultoni qalamiga mansub “Al-Jome’ as-sahih” asarining arab va indonez tillaridagi uch jildli nusxasi taqdimoti o‘tkazildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari Xayriddin Sultonov, Muzaffar Komilov va boshqalar ko‘plab sohalar kabi diniy-ma’rifiy jabhadagi islohotlar natijasida ro‘y berayotgan yangilanishlar asnosida mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda yangi tarixiy davr boshlanayotganini e’tirof etdi. Ayniqsa, Imom Buxoriy majmuasining qaytadan qurilib, ulkan obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, majmua ichki qismining chuqur mazmun bilan boyitilishiga qaratilayotgan e’tibor musulmon dunyosida katta qiziqish uyg‘otayotgani ta’kidlandi.

Taqdimot qilinayotgan kitob ham dunyo xalqlarining asar va uning muallifiga bo‘lgan yuksak ehtiromdan dalolat ekani qayd etildi.

– Keyingi paytda O‘zbekiston – Indoneziya munosabatlari barcha sohalarda, xususan madaniy-ma’rifiy sohada izchil rivojlanib bormoqda, – dedi M.Komilov. – Bugun buyuk muhaddis bobomiz nomi bilan ataladigan xalqaro markazga Islom olamida Qur’oni karimdan keyin ikkinchi muqaddas manba sifatida e’tirof etilgan “Sahihul Buxoriy” asarining indonez va arab tillaridagi noyob nusxasining taqdim etilishi ham ana shu do‘stona aloqalar mahsulidir. Yana bir ahamiyatli tomoni mazkur asar bugungi kunda hadislarning noto‘g‘ri talqin etilishi va buyuk muhaddislar, xususan, Imom Buxoriyga nisbatan ilmsizlik va noxolislik bilan bildirilayotgan uydurma fikrlarga qarshi ilmiy raddiya berish uchun ham mustahkam ilmiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Taqdimotda asarning arab va indonez tillaridagi uch jildli nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tantanali tarzda topshirildi. Indoneziyalik islomshunoslik fanlari doktori Ali Hamdiy tomonidan tayyorlangan kitob Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana xonim tomonidan tortiq etildi. U o‘tgan yilning sentyabr oyida markazga tashrif buyurib, uning faoliyati, erishgan ilmiy yutuqlari bilan tanishgan, shu asnoda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samarasini yuksak baholagan edi.

Tadbir ishtirokchilari asar nusxasi markaz muzeyi va kutubxona fondidan munosib o‘rin egallashi, tadqiqotchilar ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

G‘. Hasanov, 

A. Isroilov (surat), O‘zA