Butunjahon talabalar sport bayrami – Universiada o‘yinlari yaqinlashmoqda. Joriy yilning 26 iyul – 8 avgust kunlari Xitoyda o‘tadigan mazkur nufuzli sport musobaqalarida ishtirok etadigan davlatlarning sport delegatsiyalari Chendu shahriga jam bo‘lmoqda.

Mazkur yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimizning 17 ta oliy ta’lim muassasalaridan 77 nafar sportchi-talabalar sport gimnastikasi, tennis, yengil atletika, dzyudo, taekvondo WT, ushu va qilichbozlik sport turlari bo‘yicha ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Shu o‘rinda Butunjahon talabalar sport o‘yinlari tarixi haqida qisqacha ma’lumot. Birinchi jahon urushi tugaganidan keyin fransuz sport arbobi Jan Petitjan tashabbusi bilan xalqaro talabalar konferensiyasida jahon talabalar sport o‘yinlarini o‘tkazishga asos solingan.

Mazkur sport o‘yinlari dastlab  1924 yili  yengil atletika, suzish, qilichbozlik bo‘yicha Polsha poytaxti Varshavada o‘tkazilgan. Keyingi sport o‘yinlari 1927 yil Rimda, 1930 yil Dortmundda, 1933 yil Turinda, 1937 yil Parijda, 1939 yili esa Monte-Karloda bo‘lib o‘tgan.

Ikkinchi jahon urushi paytida Butunjahon talabalar sport o‘yinlari to‘xtatilgan.

1959 yili Italiyaning Turin shahrida Xalqaro Universitet sporti federatsiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi hamda o‘z safiga Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, Sobiq Ittifoq va Chexoslovakiya davlatlarining talabalar tashkilotlarini qabul qiladi. Hozirda Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi dunyoning 189 ta davlatini qamrab olgan.

Mazkur federatsiya bosh assambleyasining qarori bilan Universitet sport o‘yinlari har ikki yilda bir marta tashkil etiladi. Xususan, har toq yilda – yozgi, juft yilda qishki Universiada o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Butunjahon talabalar sport o‘yinlari Olimpiya g‘oyalariga amal qilgan holda xalqaro sport aloqalarini kengaytirish, talaba-sportchilar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etiladi.

– Mamlakatimizda 2018 yili “Barkamol avlod” jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamda Respublika “Talaba” sport uyushmasining qo‘shma konferensiyasi qaroriga asosan O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi tashkil etildi. Shundan so‘ng, mamlakatimiz talaba-sportchilari ilk bor 2019 yil 2-12 mart kunlari Krasnoyarsk (Rossiya) shahrida o‘tkazilgan 29-qishki Universiada o‘yinlarida tog‘ chang‘isi va snoubord bo‘yicha ishtirok etgan. 2019 yil 3-14 iyul kunlari Italiyaning Neapol shahrida o‘tgan 30-Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida 18 ta sport turidan 222 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borgan O‘zbekistonning 42 nafar talaba-sportchisi 2 tadan oltin-kumush va 4 ta bronza, jami 8 ta medalni qo‘lga kiritgan.

O‘shanda hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida 19-o‘rinni egallab, Butunjahon Universiada o‘yinlari tarixidagi eng yuqori natijaga erishgan edi. Bu yilgi Universiada o‘yinlarida talaba-sportchilarimiz mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida qatnashadi. “Chendu-2021”da kutilayotgan holat “Neapol-2019”dagi vaziyatdan boshqacha bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, Universiada o‘yinlari oldidan har bir sport turi bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Raqiblarning imkoniyati tahlil etildi, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Anvarbek Jumaniyozov.

Reja va maqsadlar amaliy natija bilan mutanosib bo‘lishi talaba-sportchilarimizning imkoniyati, ularning xalqaro musobaqalarda erishayotgan ko‘rsatkichlariga bog‘liqligini, talaba-sportchilarimiz safida bir qator Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarining sovrindorlari borligi ko‘zlangan natijalarimiz e’tiborli bo‘lishidan darak berayotgandek. Ammo, sportdagi ko‘rsatkichlar harakatga bog‘liqligini nazarda tutsak, Universiadadagi har bir chiziq, marra, bosqich uchun kurashda hamyurtlarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz. Ishonamizki, umid va yorug‘ tilaklar xush xabarlarga qanot bag‘ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Butunjahon Universiada o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi ertaga, 26 iyul kuni Xitoyga yo‘l oladi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,    

O‘zA