Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning 2023 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
— Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi komissiya raisi M.Valiyev. — Ayniqsa, yoshlarning qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirish jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan hisobot davrida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilindi. Masalan, Komissiya tomonidan Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan yoshlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan 14 ta qonun loyihasi yuzasidan 40 dan ziyod asoslantirilgan takliflar tayyorlangan.
Shuningdek, Komissiya a’zolari tomonidan joylarda olib borilgan nazorat-tahlil tadbirlari va yoshlar bilan bo‘lgan muloqotlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning axborotlari eshitilgan. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligining yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, muammolarini bartaraf etish borasida amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari eshitildi va muhokama qilindi. Ushbu tadbirlar davomida hududlarga chiqqan holda o‘rganishlar tashkil etildi, aniqlangan masalalarga yechim izlandi hamda mazkur yo‘nalishdagi qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Majlisda Komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar e’tirof etilib, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA