Xabar berganimizdek, shu kunlarda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida futzal bo‘yicha “CAFA Futsal Cup-2023” o‘yinlari o‘tkazilmoqda.
Bir kun muqaddam Tojikiston jamoasini 4:2 hisobida mag‘lub etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga kecha Afg‘oniston jamoasi bilan o‘tgan uchrashuv omadsiz yakunlandi.
Uchrashuvning 2-daqiqasida raqiblar darvozamizni aniq nishonga oldi. Hamyurtlarimiz 19-daqiqada Husniddin Nishonovning goli evaziga hisobni tenglashtirdi. 20 va 28-daqiqalarda aynan Nishonov O‘zbekiston-Afg‘oniston “dueli”da hisobni 3:1 ko‘rinishiga kelishini ta’minladi.
Ammo 34, 38 va 40 daqiqalarda Afg‘oniston futzalchilari g‘alabaga bo‘lgan intilishini va kuchli irodasini namoyish etdi. O‘yin 3:4 hisobida qo‘shni davlat jamoasining g‘alabasi bilan poyoniga yetdi.
“CAFA Futsal Cup-2023” turnirining 2-tur o‘yinlaridan keyin 6 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Afg‘oniston terma jamoasi yakka peshqadamga aylanib oldi.
Aytish lozim, futzalchilarimizni dog‘da qoldirgan Afg‘oniston jamoasi ikki kun muqaddam — 23 iyul kuni Qirg‘iziston jamoasini 5:4 hisobida mag‘lub etgan edi.
Keyingi o‘rinlarda esa 3 ochko jamg‘argan O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron jamoalari 2-o‘ringa da’vogarlik qilayotgan bo‘lsa, 2-turda bironta ham ochko qo‘lga kirita olmagan Qirg‘iziston vakillari oxirgi o‘rinda bormoqda.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvni 26 iyul kuni Turkmaniston jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“CAFA Futsal Cup-2023” o‘yinlari 30 iyulgacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA