Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan marketingni rivojlantirish, yangi xizmat turlarini joriy qilish va mamlakat imijini xorijda keng targ‘ib etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan hamkorlikda 14-25 iyul kunlari Britaniyaning “The times” gazetasining sayohat bo‘limi muharriri va Lyusi Perrinning O‘zbekistonga sayohati uyushtirildi.

Xorijlik jurnalist ayni kunlarda mamlakatimizning turizm salohiyati    haqida media mahsulotlar tayyorlash maqsadida Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimiz va oshxona, tog‘ turizmi kabi qator yo‘nalishlar rivojlanayotgan hududlar bilan tanishyapti.

Lyusi xonim tomonidan tayyorlanayotgan materiallar “The times”gazetasida maqola va suratlar shaklida chop etib boriladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq orqali ham targ‘ib qilinadi.

Britaniyaning kundalik milliy gazetasi “The times” 1785 yil “The Daily Universal Register” nomi bilan chiqa boshlagan. Hozir nafaqat qirollik hududida, balki dunyo bo‘ylab eng mashhur nashrlardan biri sifatida tan olinadi.

“British Business Survey” ma’lumotiga ko‘ra, gazeta soha o‘quvchilari uchun birinchi raqamli kundalik matbuot organi bo‘lib, “Financial Times” yoki “Daily Telegraph”ga qaraganda 50 foiz ko‘proq obunachilarni qamrab olgan. “The times” 2011 yilgi “Press Awards”da Biznes va moliya yo‘nalishida yilning eng yaxshi jamoasi mukofotini qo‘lga kiritgan.

2020 yil mart oyi holatiga ko‘ra, kuniga o‘rtacha 1 milliondan ziyod kishi o‘qiydigan “The times”ning kunlik adadi 365 880 nusxani tashkil etadi.

O‘zA