Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Ko‘rfaz Arab davlatlari qator nashrlari – Bahrayn axborot agentligi (BNA), Qatarning “Al-Jazira”, Misrning “Yettinchi kun” va boshqa manbalar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi bilan bog‘liq voqealarni keng yoritmoqda. Bir maqolada Toshkent xalqaro aeroportida RF rahbarini davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kutib olgani, oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilgani, faxriy qorovul saf tortgani ta’kidlangan.

Muallif Rossiya yetakchisi Toshkent shahriga kelgach, Prezidentimiz hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, an’anaga ko‘ra, Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘yganini yozgan.

Ikki davlat rahbarlari muzokarani dastlab tor doirada boshlab, keyin rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirgani, muloqot davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilingani urg‘ulangan.

O‘zbekistonda Bauman nomli Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani olqishlangan.
Muzokaralar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mexanizmi nazarda tutilgan “yo‘l xaritalari” qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilganiga e’tibor qaratilgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA