Xabar berganimizdek, Iordaniyaning Amman shahrida sport kurashlari bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionati murosasiz bellashuvlarga boy kechmoqda.

Kecha chempionatning U20 yosh toifasida erkin kurashchilar o‘rtasidagi bellashuvlar o‘z yakuniga yetdi.

Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 2 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Iqtidorli sportchilarimizdan Sherzod Poyonov va Aynazar Bazarbayev kumush, Zafarbek Otaxonov, Asadbek Karimov va Hikmatillo Qurbonov bronza medallariga musharraf bo‘ldi.

Erkin kurashchilarimizning erishgan natijalari tufayli sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz 4 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA