Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Misr, Iroq va Saudiya Arabistonidan hamkasblari bilan Yevropada kuzatilayotgan islomofobiya va Qur’onni tahqirlash harakatlariga qarshi birgalikda ko‘rilishgi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Fidan payshanba kuni Iroq, Saudiya Arabistoni, Misr tashqi ishlar vazirlari Fuad Husayn, Faysal Ol Soud va Samih Shukriy bilan telefon orqali muloqot qilgan.  

“Muzokara chog‘ida Yevropada kuchaygan islomofobiya va islomga qarshi nafrat tuyg‘usi, xususan, Iroqning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qur’oni Karimga uyushtirilgan jirkanch hujum silsilasida Islom hamkorlik tashkiloti harakati va birgalikda ko‘riladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Mulozim shu kuni Liviya Milliy birlik hukumati Bosh vaziri Abdulhamid Dbeyba bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ham islomofobiya mavzusini ko‘tardi. Har ikki siyosatchi Stokgolmdagi harakatni qoraladi.

Iyun oyi oxirida Shvetsiya poytaxtida Qurbon hayitini nishonlash chog‘ida Qur’onni tahqirlash va yoqish orqali aksiya o‘tkazildi va bu dunyoning ko‘plab davlatlarida keng aks sado berdi. Iroq ushbu Skandinaviy mamlakati rasmiylaridan uning ustidan sudga murojaat qilish uchun harakat qilgan muhojirni ekstraditsiya qilishni talab qildi. Keyinroq o‘nlab iroqliklar Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi yonida namoyishga to‘plandi.

Voqea Jazoir, Afg‘oniston, Misr, Indoneziya, Livan, Suriya, Turkiya, O‘zbekiston rahbariyati, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abul Gayt va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jassim al-Budayv tomonidan ham qoralandi. Iordaniya va BAA tashqi ishlar vazirliklari Shvetsiya elchilarini chaqirib, ularga norozilik notasi taqdim etishdi.

Keyinroq Shvetsiyada diniy kitobga zarar yetkazuvchi bir qator harakatlarga ruxsat berilgani haqida xabar tarqaldi. Payshanba kuni Stokgolmda namoyishchilar, kutilganidek, Qur’onni yoqmadi, ammo namoyishchilardan biri Muqaddas kitobni oyoqosti qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodisa ishtirokchilarining jazosiz qolishi oldindan aytib bo‘lmaydigan halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini, jahon hamjamiyati bunday noqonuniy harakatlarga qarshilik ko‘rsatishi shartligini bildirdi.

 

G.Sattorova,  

O‘zA