Dunyodagi eng mashhur xakerlardan biri, amerikalik Kevin Mitnik 59 yoshida vafot etdi, deb xabar tarqatdi “The Washington Post” marhum ishlagan kompaniya vakiliga tayanib.

– O‘tgan asrning 90-yillarida Federal qidiruv byurosi (FQB) tomonidan uzoq ta’qib qilingan Kevin Mitnik vafot etdi, – deyiladi nashr tarqatgan xabarda. – Byuroning uzoq davom etgan natijasiz qidiruvi Mitnikni mamlakatda eng taniqli kiber jinoyatchiga aylantirdi. Mashhurlik unga serdaromad kiber xavfsizligi bo‘yicha maslahatchi lavozimini egallashda qo‘l keldi.  

Mitnik AQSH hududida ko‘p bor qonun bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan va FQB tomonidan eng ko‘p qidirilgan kiber jinoyatchilar ro‘yxatini boshqarib kelgan. Gazeta ta’kidlashicha, u internet ommalasha boshlagan davrda “Motorola”, “Nokia” va “Sun Microsystems” kabi yirik kompaniyalar kompyuter tizimini buzib kirishga muvaffaq bo‘lgan va mazkur korxonalarga ko‘p million dollarlik zarar keltirgan.

1995 yil FQB reyd o‘tkazib, uni Shimoliy Karolinada qo‘lga oldi. Mitnikka telefonlarni eshitish qurilmasidan foydalanganlik va kompyuter tavlamachiligi aybi qo‘yildi. Shu tariqa jinoyatchining ikki yillik qochib yurishiga chek qo‘yildi. 1999 yilda Mitnik internetdagi tovlamachiligi va boshqa kiber jinoyatlarini tan oldi. Besh yillik qamoq jazosi berilgan esa-da, u 2000 yil ozod etildi. 2011 yil Kevin Mitnik Amerikadagi kompyuter xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanadigan “KnowBe4” kompaniyasi egalaridan biriga aylanib, korxonaning xakerlik hujumi bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimini oldi.

 

S.Rahimov,

O‘zA