FOTOREPORTAJ

Poytaxtimizning “International” mehmonxonasida 13-20 iyul kunlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi.

Kecha Osiyo chempionatining so‘nggi kuni – Xalqaro shaxmat bayramida mahoratli shaxmatchilar blits yo‘nalishi bo‘yicha kuch sinashdi. Kunning ikkinchi yarmida esa Osiyo chempionatining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Shaxmatning rapid, blits va standart yo‘nalishlarida ishtirok etgan Umida Omonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Malika Norqulova, Guldona Karimova, Zilola Aktamova, Malika Jumayeva, Dilnoza Nurullayeva, Asrorjon Omonov, E’zozbek Mahmudov, Lazizbek Shavkatov kabi yosh shaxmatchilarimiz o‘z guruhlarida peshqadam bo‘lib, oltin medalga sazovor bo‘ldilar. Ruqiya Olimova, Mumtozbegim Sobirova, Akobirxon Saydaliyev, Sa’dullo Azizov, Shahzod Islomov, Shohjahon Siddiqov, Akobirxon Saydaliyevlar, Islombek Xolmamatov, Ikromjon Xalilov esa chempionatda 2-o‘rinni egalladi. Madinabonu Xalilova, E’zozaxon Hasanova, Sevinch Davlatova, Nilufar Mahmudova, Liliya Belaya, Shahrombek Karimov, Abdulqodir Bahodirov, Rahmonali Ne’matjonov, Javohir Bozorov, Akbarali Abduhakimov, Shahzod Islomov, Ibrohim Jumanazarov, Jamshidbek Aytimbetov, Akbar Yoqubboyev kabi sportchilar hisobida esa bronza medallari bor.

Umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Hindiston, 2-o‘rinni O‘zbekiston va 3-o‘rinni Mug‘uliston egalladi. Yosh shaxmatchilarimiz medallar jamg‘arish bo‘yicha esa g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. Keyingi o‘rinlar mug‘ulistonlik hamda hindistonlik shaxmatchilarga nasib etdi.

Taqdirlash marosimida Osiyo hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi, yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari, faxrli mehmonlar, ota-onalar, shaxmat ishqibozlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

 

Muhammad AMIN(surat),O‘zA