Yana ikki kundan so‘ng Italiyaning Milan shahrida qilichbozlik bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati boshlanadi.

“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining eng yirik reyting ochkolarini taqdim etadigan ushbu nufuzli musobaqada 158 mamlakatdan 1000 nafardan ziyod qilichboz g‘oliblik uchun bahs olib boradi.

Ushbu chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi bir qator dasturlarda sovrinli o‘rinlar uchun bahslarda qatnashadi.

Jumladan, 22 iyul kuni o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi shpaga va erkaklar orasida kechadigan sablya musobaqalarida Malika Hakimova, Sevara Rahimova, Shahzoda Egamberdiyeva, Dilnoz Murtazoyeva / Sherzod Mamutov, Zuhriddin Qodirov, Islombek Abdazov, Musa Aymuratov yo‘lakchada harakatlansa, 23 iyul kungi bellashuvlarda Umida Ilyasova / Fayzulla Alimov, Javohir Nurmatov, Nodirbek Mo‘minov, Meyrxan Timurov qatnashadi.

24 iyul kungi musobaqalarda esa Zaynab Dayibekova, Gulistan Perdibayeva, Paola Pliyego, Fernanda Errera / Muhammad Yusuf Asranov, Ahmudilloxon Solixojiyev, Ilyas Molina, Doniyor Sa’dullayev o‘z yo‘nalishlarida kurashlarni o‘tkazadi.

25-27 iyul kunlari chempionatning pley-off bosqichi, 28-29 iyulda esa yarim final va final bahslari tashkil etiladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA