Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament palatalari qo‘shma majlisidagi o‘z nutqida mamlakatimizning kelgusi 7 yildagi strategik reja va maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq maqsad va vazifalar xususida so‘z yuritdi.

Xususan, ta’lim tizimida istiqboldagi islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Chindan ham, bugun istaymizmi-yo‘qmi, ta’lim-tarbiya sohasini dunyo tajribasi asosida keskin o‘zgartirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu ma’noda qo‘shma majlisda Prezident tomonidan kelgusi yetti yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash masalasiga alohida urg‘u berildi.

Bu nima bilan bog‘liq? Avvalo, shuni aytish kerakki, ta’limning asosiy o‘q ildizi umumiy o‘rta ta’lim bilan chambarchas bog‘liq. Ta’lim tizimida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan har qanday davlat yangilanishlarni o‘rta ta’limdan boshlaydi.

Yana bir ahamiyatga molik masala bu — sohada xususiy ta’lim tashkilotlarining kirib kelishi bilan bog‘liq. Bir paytlar xususiy ta’lim tushunchasi bizga mutlaqo begona edi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Endi-chi? So‘nggi 5-6 yil ichida davlatimiz tomonidan sohaga qo‘shimcha yengilliklar berilib, ta’lim tizimida xususiy va davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida maktablar qurishga alohida e’tibor qaratildi. Bu sohadagi ishlar kelgusi yillarda ham izchil davom ettirilib, xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi va davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida barpo etilishiga alohida ahamiyat beriladi.

Uchinchi masala, ta’lim jarayonining transformatsiyasi bilan bog‘liq. Ya’ni, har qanday ta’lim tizimi zamonga hamnafas bo‘lmas ekan, raqobatbardoshligini yo‘qotadi. Bu borada Prezidentimiz nutqida ham alohida choralar belgilanganligi ta’kidlandi. Xususan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini kelgusida davlat tomonidan ta’lim planshetlari bilan to‘liq ta’minlash uchun zarur moliyaviy imkoniyatlar yaratilishi diqqatga sazovor.

Bundan tashqari, chekka hududlarda bepul maktab avtobuslari yo‘lga qo‘yilishi ham alohida qayd etildi. Bu tashabbuslar ta’lim tizimini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, bugun dunyo davlatlari orasida O‘zbekiston ta’lim sohasida progressiv islohotlarni amalga oshirayotganlar qatorida turibdi. Chunki, mamlakatimizda yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini qurishga astoydil bel bog‘langan.

 

Odiljon Iminov,  

Senatning  Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash    

masalalari qo‘mitasi raisi.  

O‘zA