Saudiya Arabistoni va Turkiya rasmiylari mudofaa, xavfsizlik sohasida, shuningdek, harbiy-sanoat majmuasi orqali hamkorlikni mustahkamlash niyatida. Bu fikr Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning Podshohlikka tashrifi yakuni bo‘yicha qo‘shma bayonotda aks etdi.

Erdog‘anning Saudiya Valiahdi, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuvida, shuningdek, Ar-Riyod va Anqara jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga, terror faoliyatini moliyalashtirishga qarshi kurashda sheriklikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Ikki davlat “transchegaraviy korrupsiya jinoyatiga qarshi turish”, korrupsiya holatini tergov qilish va noqonuniy yo‘l bilan olingan daromadni undirish bilan shug‘ullanuvchi idoralar o‘rtasida hamkorlikni yaxshilash istagini ham bildirishdi.

“Saudiya Press” agentligi xabariga ko‘ra, Podshohlik Mudofaa vazirligi Turkiyaning “Bayraktar” uchuvchisiz uchog‘i ishlab chiqaruvchi “Baykar” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.