2025 yilgacha poytaxtda 1063 ta yangi avtobus harakatlanishni boshlashi, ulardan 53 tasi 2023 yilda harakatga tushiriladigan katta sig‘imli 18 metrli avtobuslar bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida ko‘zda tutilgan.

Bu kabi avtobuslar poytaxtning 11 ta magistral yo‘nalishiga qo‘yilishi reja qilingan edi. Darhaqiqat, bugun mazkur qarorda nazarda tutilgan transport vositalari yo‘lovchilarning og‘irini yengil qilib kelmoqda. Ammo ushbu jamoat transportini boshqarayotgan haydovchilar bir muammoga duch kelmoqda. Ma’lumki, bekatlar yonida joylashgan ko‘plab tashkilotlarning mashina qo‘yish maydonchalari yo‘q. Shu bois, u yerga ish bilan kelayotgan fuqarolar o‘z avtomobilini mashina qo‘yishni taqiqlovchi belgilar borligiga qaramay, shundoqqina bekatlarga va piyodalar yo‘lagiga qo‘yib ketmoqda.

Bunday holatda esa avtobuslar yo‘lovchilarga belgilangan vaqtda xizmat ko‘rsata olmaydi. Yo‘lovchilar jamoat transportlariga minish uchun, xususiy avtomobillarni oralab yuribdi.

Bir tasavvur qiling, yuqorida ta’kidlaganimizdek, 2025 yilgacha 1063 ta yangi avtobus poytaxtda harakatlanishni boshlasa, xususiy avtomobillarning noqonuniy qo‘yilib ketilishi sabab yana qancha muammolar kelib chiqishi mumkin?! Shunday ekan, qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish barobarida mashina qo‘yish maydonchalarini tashkil etish masalasini ham inobatga olish taqozo etilmoqda.

Ammo negadir bu muammo bo‘yicha tegishli tashkilotlar na “bosh qotiradi”, na hal etadi. Shu o‘rinda bir savol — muammoga bir yoqlama yondashish, ya’ni noqonuniy qo‘yilgan mashinalarni jarimaga tortish qanchalik o‘rinli?! Ayniqsa, mashina qo‘yish maydonchalari bo‘lmasa…

Xo‘sh, xususiy avtomobili bo‘lgan fuqaro ulovini qayerga muammosiz joylashtirishi mumkin?

Shu kabi hududlarda faoliyat yurituvchi harakat xavfsizligiga javobgar xodimlar esa o‘z xizmat vazifasini bajarishga mas’ul.

Binolarning salkam avtomobil yo‘llariga taqab qurilayotgani, bunda mashina qo‘yish maydonchalarini ham qurish muhimligi hisobga olinmayotgani esa alohida masala.

Misol uchun, “Istiqbol” ko‘chasidagi “parkovka” bilan bog‘liq muammo sabab ko‘plab haydovchilar jarimaga tortilayotgan ekan.

Yana bir e’tiborli jihat shuki, bugungi kunda poytaxtda 100 dan ortiq tantanalar zali, ovqatlanish shoxobchalari, 100 ga yaqin supermarket (gipermarket)lar, yirik bozorlar faoliyat olib borayotganini va ularning atrofiga qo‘yilayotgan mashinalarni hisobga olsak, muammo ko‘lami yanada katta ekanini anglatadi.

Xo‘sh, muammoni bartaraf etish yuzasidan barcha uchun manfaatli bo‘lgan takliflarni ishlab chiqish fursati yetmadimikan? Biz hali xulosa qilmaymiz, “Reyd”imizning keyingi sonida bu mavzuni yana davom ettiramiz.

M.Eshmirzayeva, N.Abduvoitov, D.Yakubov, O‘zA