Ayollar tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragani haqida o‘z vaqtida murojaat qilish huquqiga ega. Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan xotin-qizlar bu kabi holatlarda o‘z ahvolini tegishli tashkilotlarga ochiqlashning imkonini qila olmasa, faqat jabrlanuvchining murojaati orqali emas, yon-atrofdagilarning ham (jamoatchilik, ish joylaridagi faollar, rahbarlar, mahalladagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, qo‘ni-qo‘shnilar) murojaat etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda tazyiq va zo‘ravonlikning jinsiy, jismoniy, iqtisodiy va ruhiy shakllari izohlab berilgan.
Kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, har bir holatda ichki ishlar organlariga xabar berilganida ularga nisbatan tezkor choralar qo‘llanib, himoya orderini berish kerak bo‘ladi. Himoya orderi berish tartibi shundayki, xabar berilganidan profilaktika inspektori voqea joyiga zudlik bilan borib, hujjatlarni rasmiylashtiradi va jabrlanuvchiga himoya orderini beradi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayevaning ta’kidlashicha, o‘tgan olti oyda 18 ming 704 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qiz himoya orderidan foydalangan. Himoya orderi berilishi natijasida 7 ming 965 ta oilani yarashtirishga, 9 ming 720 ta oilada nizoni bartaraf etishga erishilgan.
O‘rganishlarga ko‘ra, himoya orderidan asosan, oilada eridan jabrlangan yoki uchinchi shaxslarning zulmiga uchragan ayollar, ota-onasi yoki boshqa shaxslarning zulmiga duch kelgan (voyaga yetmagan) qizlar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda jabr ko‘rgan, ko‘chada, ishda, o‘qishda tazyiq yoki shilqimlikka uchragan, huquqbuzarlik yo jinoyat qurboni bo‘lgan xotin-qizlar foydalangan.
Xotin-qizlar bilan ishlashdagi bugungi yondashuvda ayolning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish ustuvor ahamiyatga ega. Chunki haq-huquqini tanigan, faol ayolning hayotda o‘z o‘rnini topishi osonroq kechadi.
Xo‘sh, bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning muammolariga yechim topish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Saodat Boymirzayevaning qayd etishicha, hozirgi kunda O‘zbekiston psixologlari assotsiatsiyasi mahalla xotin-qizlar faollari bilan birgalikda oilalar bilan ishlashda nizoli vaziyatlarning oldini olish, xotin-qizlarga huquqiy-psixologik yordam ko‘rsatish borasida psixologik bilimlarini shakllantirish maqsadida 2023 yilning 24 iyul kunidan boshlab barcha hududlarda seminar-treninglar o‘tkazilishi belgilangan.
Obro‘-e’tiborli va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini bir g‘oya va bir maqsad ostida birlashtirish maqsadida 150 ming nafarga yaqin a’zoga ega “Oqila ayollar” harakati tashkil etilgan. 111 ming 241 ta ko‘chalarda faollar ishtirokida saylovlar o‘tkazilib, 118 ming 195 nafar “Ko‘chaboshi” va “Uyboshi” ayollar saylab olingan.
Bugungi kunda “Ko‘chaboshi ayollar” hamda “Oqila ayollar” harakatlarining quyi bo‘g‘indagi faoliyati o‘zaro uyg‘un holda ish olib bormoqda. Harakatning eng tashabbuskor a’zolari 832 ta sektorga biriktirilgan.
208 ta tuman (shahar)da Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni munosabati bilan turkum tadbirlar tashkil etilgan. Haftalik doirasidagi tadbirlarga 24 ming 574 nafar olima va oqila ayollar, 19 ming 880 nafar rahbar ayollar, 268 nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari jalb etilgan. 1 ming 738 nafar olima ayollar hamda ilm-fan sohasidagi turli ko‘rik-tanlovlarda, olimpiadalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan xotin-qizlar, 287 nafar innovatsion loyiha yaratgan nogironligi bor iqtidorli qizlar rag‘batlantirilgan.
Oliy ma’lumotli xotin-qizlar safini kengaytirish, og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida xotin-qizlar.uz platformasi orqali 50 ming 668 nafar talabgorlarning arizalari qabul qilindi. Belgilangan mezonlar asosida 38 ming 702 nafariga oliy ta’lim muassasalariga tavsiyanoma berilgan. Mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 12 ming 563 nafar xotin-qizlardan arizalar qabul qilingan. 11 ming 992 nafariga tegishli tavsiyanomalar taqdim etilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA