FOTOREPORTAJ

Avval xabar qilinganidek, Andijonning so‘lim go‘shalaridan biri sanalgan Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tmoqda.

Festivalga Chexiya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Serbiya, Gruziya, Boshqirdiston, Qozog‘iston, Gretsiya, Tojikiston kabi davlatlardan san’at vakillari tashrif buyurgan.

Tadbir doirasida gastronomik ko‘cha tashkil qilingan bo‘lib, viloyatlardan kelgan mohir oshpazlar tomonidan har bir hududning o‘ziga xos taomlari tayyorlanmoqda. Bundan tashqari shaharning Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida ajratilgan maxsus pavilonlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardan kelgan ijodiy jamoalar va xonandalar o‘z milliy qo‘shiqchilik san’atini namoyish etmoqda.

– Qoraqalpoq san’ati jo‘shqinligi, betakrorligi bilan festival qatnashchilari diqqatini tortmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi «Ayqulosh» folklor-etnografik ansambli rahbari Hayotbergen Allaniyozov. – Chiqishlarimizni barcha katta qiziqish bilan kutib olyapti, qo‘shiqlar qo‘shiqlarga, raqslar raqslarga ulanyapti. Bu festival chinakam san’at bayramiga aylanib ketdi.

Ma’lumot uchun. “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada festivali 20 iyulga qadar davom etadi.

Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA