Yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish orqali mahoratli sportchilarni kamolga yetkazishning yangicha tizimi yaratilgani hech kimga sir emas.
O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi islohotlarda izchillikka erishish maqsadida olimpiya va milliy sport turlarining har birini rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror va farmonlar qabul qilindi. Shu asosda yo‘l xaritalar, dasturlar, strategik loyihalar ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan shaxmat, futbol, kurash, dzyudo, velosport, taekvondo, yengil atletika, boks, qilichbozlik, gimnastika, regbi, voleybol kabi o‘nlab sport turlari bo‘yicha alohida qarorlarning imzolanishi, “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlarining joriy etilishi, hududlar bo‘ylab ommaviy yugurish musobaqalarining o‘tkazilishi mamlakat sport hayotiga yangilanish jarayonlarini boshlab kelishi bilan yechimini kutayotgan mavjud masalalarning tub ildizlarini ham ko‘rsatib berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan yili imzolangan “Sport kurashlarining Olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bir qator masalalar belgilangan bo‘lib, hududlardagi sport maktablarida, seksiyalarda seleksionerlarni jalb qilgan holda iqtidorli yoshlarni aniqlash, saralash, mahoratli sportchi bo‘lib shakllanishi uchun sport-ta’lim muassasalariga yo‘naltirish vazifasi yuklatilgan.
Xo‘sh, bu boradagi ishlar o‘tgan davr mobaynida qay darajada bajarildi? Yurtimizning chekka-chekka maskanlarida voyaga yetayotgan yoshlar orasidan mahoratlilar tanlab olindimi? Yunon-rum, ayollar va erkin kurash sport turlariga rivojlangan davlatlardan xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda seleksiya ishlari o‘tkazildimi?
Aytish lozim, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilot va vazirliklar, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi hamkorligida joriy yil boshida “Sport kurashlari bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlanib, hududlarda uch bosqichli musobaqalar tizimi joriy etildi.
Shu asosda ta’lim muassasalari, sport maktablari, ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va boshqa sport ta’lim muassasalaridan saralanganlar o‘rtasida tuman, shahar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chempionatlari o‘tkazilishi belgilangandi.
Ammo, tan olish lozim, nizom va dasturlar puxta va pishiq, aniq manzilli tarzda ishlab chiqilgan bo‘lsa-da ayrim hududlarda sport kurashlari bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash yuzasidan uch bosqichli musobaqalar ommaviy holda emas, sport maktablari, to‘garaklar doirasidagina tashkil etilganligi, buning natijasida o‘nlab talantlar aniqlanmay qolganligi bor gap.
Ma’lumki, Olimpiya sport turlari bo‘lgan erkin va yunon-rum kurashlari azaliy qadriyatimiz kurash va belbog‘li kurash turlariga juda yaqin hisoblanadi. Ayniqsa, belbog‘li kurashdagi ayrim jihatlar sport kurashlarining “tub zamini”ni tashkil etadi. Shu jihatdan, sport kurashlaridagi usullar, uning texnik-taktik uslublari, qoidalari biz uchun begona emaski, chekka-chekka qishloq va mahallalarimizda kurashchanlik suyak-suyagiga singib ketgan yuzlab yoshlarimiz borligi haqiqat. Faqat ularni izlash, topish, yo‘naltirish lozim, xolos.
Davlatimiz rahbari imzolagan qaror asosida ishlab chiqilgan “Sport kurashlari bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi nizom ayni maqsadlarga xizmat qilishi kerak edi. Faqat joylardagi sport, xususan sport kurashlari mutasaddilari, mutaxassislari o‘z ishiga sidqidildan yondashsa, jon koyitsa, O‘zbekistonning yengilmas kurashchilarining yangi avlodi yaqin 5-7 yil oralig‘ida bo‘y ko‘rsatishi tayin bo‘ladi. Buning uchun sharoit, imkoniyat, barcha-barchasi yetarli. Yana bir jihat. Joriy yilning ikkinchi chorak yakuni bo‘yicha hududiy musobaqalar g‘oliblari va sovrindorlari o‘rtasida 5 ta O‘zbekiston chempionati va kuboklari hamda 7 ta mahalliy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda mamlakat chempionatlarida sportning erkin kurash turi bo‘yicha 3105 nafar, shundan 411 nafari ayollar, yunon-rum kurashi bo‘yicha 1569 nafar iqtidorli sportchilar saralanib, sport ta’lim muassasalariga yo‘naltirildi.
Joriy yilning ikkinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, sport ta’lim muassasalarida sport kurashlari bo‘yicha seksiyalar soni 2050 tani, shug‘ullanuvchilar 24 312 nafarni, Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlaridagi seksiyalar 161 tani, shug‘ullanuvchilar 1153 nafarni tashkil etmoqda.
Sport maktablarida 915 nafar, Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida 138 nafar, jami 1053 nafar trenerlar sport kurashlari bo‘yicha 25 465 nafar yoshlarga saboq berib kelmoqda.
Bir qaraganda hammasi joy-joyida. Qisqa fursatda sport majmualari, jihozlar, shart-sharoitlar yaratildi. Murabbiy-mutaxassislarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimi ishga tushirildi. Ular doimgidek o‘z ish faoliyatini belgilangan me’yorlar asosida olib bormoqda. Shug‘ullanadigan yoshlar safi yildan yilga ortmoqda. Lekin, barchasi risoladagidek bo‘lgan vaziyatda nega yurtimiz kurashchilari orasidan Olimpiya maydonlarini, jahon sport gilamlarini larzaga keltiradigan, nomi tillarda doston bo‘ladigan chempionlarimiz yetishib chiqmayapti?
Bu savolning javobini topishda sport kurashlari bo‘yicha mamlakat miqyosidagi mutasaddilar, mutaxassislar, murabbiylar bosh qotirishi, xalqaro tajribani chuqur o‘rganishi, ilg‘or g‘oyalarni joriy etishi lozim bo‘ladi. Agarki, ayni masalalar o‘z yechimini topmas ekan, dunyoga dovrug‘ qozonadigan, O‘zbekiston nomini xalqaro maydonlarda ulug‘laydigan kurashchi chempionlarimizni bundan keyin ham tushlarimizda ko‘rib yuraveramiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA