Avstraliyada, Juriyen ko‘rfazi yaqinida sirli metall ballon qirg‘oqqa chiqib ketdi, deb xabar bermoqda “Fox News”.
“Avstraliya rasmiylari qirg‘oqda qayd etilgan g‘alati silindr fazoviy jism qoldig‘i bo‘lishi ehtimoli yuqori, deb hisoblaydi, mahalliy OAV esa voqea haqida taxmin bildirishda davom etadi”, deyilgan xabarda.
Ijtimoiy tarmoqda Avstraliya kosmik agentligi vakillari silindrning kelib chiqishini aniqlash uchun hamkorlar bilan aloqa o‘rnatayotgani ma’lum qilindi. Departament mutasaddilari so‘ziga ko‘ra, ob’ekt xorij raketasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Ular mahalliy aholiga buyum bilan aloqa qilmaslik, koinotdan tushishi mumkin bo‘lgan boshqa chiqindilar haqida ham xabar qilishni maslahat berishdi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari sirli vayrona o‘tgan hafta uchirilgan hindlarning LVM3 raketasidan ajralib, so‘ng Avstraliya qirg‘og‘iga suzib ketganini taxmin qilishdi. Boshqa manbalar ta’kidlashicha, bunday hajmli qobiq qism tanasida qisqa vaqt ichida o‘sishi mumkin emas. Silindrga o‘xshagan, tepasi yumaloq, qobiq va suv o‘ti bilan qoplangan g‘alati jism shanba kuni qirg‘oqqa chiqdi. Seshanba kuni rasmiylar hududni muhrlab, buyumni plastmassaga o‘rab, qirg‘oqdan olib tashlashdi. Avstraliya matbuotiga ko‘ra, topilma yopiq omborga olib ketilgan. Hukumat harakatining maxfiyligi mahalliy aholi va internet foydalanuvchilari orasida ob’ektning kelib chiqishi yuzasidan ko‘plab farazlar urchishiga sabab bo‘ldi.