Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Yapon dengizi tomonga ikkita qisqa masofali ballistik raketa yo‘naltirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylariga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lum qilishicha, raketalar bugun, 19 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 03.30 va 03.46 oralig‘ida Pxenyan yaqinidagi Sunan shahridan uchirilgan. Raketalar taxminan 550 kilometr masofani bosib o‘tib, dengizga qulagan.
Qo‘mita mazkur harakat nafaqat Koreya yarim oroli, balki xalqaro hamjamiyat tinchligiga putur yetkazuvchi “ig‘vogarona ish” sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining ochiq-oydin buzilishini anglatadi, deya mazkur aksiyani qoraladi.
Qurolli kuchlar “Shimoliy Koreyaning har qanday provokatsiyasiga javob qaytarish uchun “kuchli jangovar shaylikni saqlab qoladi”, deyiladi Seul bayonotida.
Raketa 18 iyul kuni Seulda Janubiy Koreya va AQSH qo‘shma yadroviy maslahat guruhi birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgandan so‘ng uchirilgan, deb yozgan nashr.