Andijonning eng xushmanzara go‘shasi Xonobod shahrida boshlangan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yurtimiz va xorijiy san’at yulduzlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazirbekov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, festival qatnashchi va mehmonlarini qutladi.

Mamlakatimiz san’ati, o‘ziga xos milliy qadriyat va an’analarini, shuningdek, turizm salohiyati va imkoniyatlarini namoyish etayotgan mazkur festivalda nafaqat yurtimiz san’atkorlari, balki dunyodagi 20 dan ortiq davlatlarning estrada san’ati guruhlari, xonandalari ishtirok etayotgani aytib o‘tildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda milliy, jahon estrada san’atini keng targ‘ib etish va rivojlantirish, xalqimizni jahon estrada yulduzlari san’atidan bahramand qilish va xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yurtdoshlarmiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada orqali milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini, yuksak badiiy-estetik tafakkurni kamol toptirish maqsadida Xonobod shahrida xalqaro estrada milliy san’ati festivali an’anaviy tarzda o‘tkazilishi belgilanganligi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishi alohida qayd etildi.

Festival ochilish marosimi badiiy dasturini “O‘zbegim” karnay-surnay guruhi musiqiy kompozitsiyasi hamda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli raqqosalari o‘zlarining jozibador raqslari bilan boshlab berdi.

Xalqaro tanlovlar sovrindori Sabina Mustayeva, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov ijrosidagi sho‘x qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar badiiy jamoalari, estrada xonandalarining chiqishlarini tomashabinlar olqishlar bilan qarshi oldi. Festival ochilishidagi go‘zal taronalar barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.

Festivalning ochilish tadbiri yakunida ishtirokchilar dunyoga mashhur “Doktor Alban”, Boney M disko-guruhi hamda Otawan guruhlarining chiqishlaridan bahramand bo‘ldi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA