Yaqinda Qoraqalpog‘istonda BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik jamg‘armasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOning uzoq yillar davom etgan navbatdagi yirik qo‘shma loyihasi yakunlandi.
2021 yildan 2023 yilga qadar amalga oshirilgan qo‘shma dastur Orolbo‘yi mintaqasi sharoiti og‘ir hududlarida iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilishga asos bo‘ldi. Yoshlar, umuman, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami ijodiy va innovatsion imkoniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
BMT Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan qo‘shma loyiha yo‘nalishlaridan biri – qishloq aholisining salmoqli qismini tashkil etuvchi yoshlar va ayollar mintaqa iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyatini hisobga olgan holda sohadagi innovatsion tajribani uy xo‘jaliklari darajasida targ‘ib qilish edi.
Xususan, dehqonchilikning innovatsion usullari va yangi tashabbuslarni sinab ko‘rish orqali qishloq jamoalarida daromad olish uchun qulay shart-sharoit yaratildi. Orolbo‘yi mintaqasidagi mahalliy tadbirkorlar biznesini rivojlantirishda FAO tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam bunga misol bo‘la oladi.
2023 yil iyunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi loyiha benefitsiarlari Salamat Yerjanov va Maxset To‘qsanboyev o‘z tomorqalarida tovar baliq yetishtirish va keyinchalik sotish maqsadida baliq hovuzlarini modernizatsiya qilish uchun zarur jihoz va texnikalar olgan.
Qisqasi, tashkilot tadbirkorlarga barcha zaruriy yordamni ko‘rsatdi, shu jumladan, aeratorlar, avtomatik oziqlantiruvchilar va boshqa jihozlar, shuningdek, baliq ozuqasi va ko‘paytirish uchun baliqlar yetkazib berildi. Bugungi kunga qadar yangi baliq havzalarida baliq yetishtirish va keyinchalik sotish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil Bo‘zatov tumanida ushbu tijorat g‘oyasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan va shu orqali o‘z xonadoni daromadini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan loyihaning yana bir benefitsiari Sodiq Duysenbayev uchun xuddi shunday baliq havzasi tashkil etilgan edi. Loyiha benefitsiarlari uchun tashkil etilgan treningda baliq yetishtirishni o‘rganish, suv havzalarini yaxshilash va o‘g‘itlash, baliqlarni oziqlantirish, suv havzalari va hovuzlar gidrokimyoviy rejimi xususiyatlari va boshqa ko‘plab masalalar ko‘rib chiqilgan.
Loyihani amalga oshirish jarayonida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha tashkil etilgan 30 dan ziyod treningda 816 nafar fuqaro, jumladan,
552 nafar ayol ishtirok etdi. Ular chorvachilik, bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, tuproqni muhofaza qiluvchi qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan.
Yana bir muhim ma’lumot shuki, loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlaridagi uchta xonadonda mevali daraxt ko‘chatxonalari qurildi. Hammasi bo‘lib uch mingdan ziyod ko‘chatlar ekilgan.
Xullas, qo‘shma dastur doirasida FAO maqsadli guruhlar yer resurslaridan samarali foydalanish va qishloq oilalari daromadini oshirish bo‘yicha ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga, aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlashga, eng muhimi, BMTning “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyili asosida iqtisodiy, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilishga hissa qo‘shdi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA