O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chatda Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilov ishtirok etdi. Ekspert abituriyentlarning qabulga oid eng muhim savollariga javob berdi.

— Bu yilgi test savollarini yechish uchun qancha vaqt beriladi va natijalar qachon e’lon qilinadi?

— Vazirlar Mahkamasining 261-sonli qarori mavjud. Ushbu qarorda har 30 ta test topshirig‘iga 1 soat vaqt ajratilishi belgilangan. Oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsak, bir dona testni yechish uchun 2 daqiqa vaqt beriladi. Bu vaqt javoblar varaqasini to‘ldirishni ham o‘z ichiga oladi.

Joriy yilda abituriyentlarimizga jami 90 ta test topshirig‘i beriladi, bu 3 soat vaqtni tashkil etadi.

— Abituriyentlarda chet tili yoki umumta’lim fanlaridan sertifikat bo‘lsa, unga qancha vaqt beriladi? Ya’ni, sertifikatdan foydalanganliklari uchun vaqt kesib qolinmaydimi?

— Abituriyent qaysidir fandan imtihondan ozod qilinadigan bo‘lsa, albatta bu fan uchun ajratiladigan vaqt kesib qolinadi. Deylik, tarix fanidan ozod qilingan bo‘lsa, 30 ta test topshirig‘i chiqib ketdi, qolgan 60 ta test topshirig‘i uchun 2 soat vaqt beriladi. Yana misollarni davom ettiradigan bo‘lsam, aytaylik jismoniy tarbiya yo‘nalishida ikkita mutaxassislik fani umumlashtirilib, ijodiy imtihon o‘tkaziladigan bo‘lsa, faqatgina majburiy fanlar qoladi. Majburiy fanlarning har birida o‘ntadan 30 ta test topshirig‘i bo‘ladi. Bunga 1 soat vaqt beriladi.

Natijalar e’lon qilinishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, abituriyentlarimiz test sinovlarida ishtirok etgan kunning ertasigayoq to‘plagan ballarini bilib olishlari mumkin. Biz faqatgina balini e’lon qilib qo‘ymaymiz. Ya’ni, “Siz 100 ball oldingiz”, degan ma’lumot emas, javoblar varaqasini rangli skaner qilib, shaxsiy kabinetiga joylashtiramiz. Savollarga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javoblarni belgilagani to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan yakuniy ball to‘plagani aks etadi.

Abituriyentlarning talabalikka qabul qilingan yoki qilinmagani to‘g‘risidagi  natijalar  test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.

N.Rahmonova,

A.Sodiqov (video), O‘zA