Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi qarori ijrosini ta’minlash, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilashga subsidiyalar ajratilmoqda.
Unga ko‘ra, 2020-2022 yillarda 1699 kichik va katta vertikal sug‘orish quduqlari qazilishi uchun Kengash huzuridagi jamg‘arma 147,65 milliard so‘m subsidiya ajratdi. Subsidiya – davlat byudjeti mablag‘lari yoki maxsus jamg‘armalar hisobidan muayyan maqsadlar uchun jismoniy va yuridik shaxslarga beriladigan pul mablag‘i yoki natura shaklidagi yordam. Subsidiya davlat tomonidan aniq ijtimoiy maqsadlarni ko‘zda tutib, qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi.
Joriy yil uchun ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2023 yilda 743 MFYda 1188 ta, shundan: 194 ta kichik, 981 ta katta quduq, 10 ta dehqon xo‘jaligiga 3 ta nasos agregati qazilishi rejalashtirilgan.
Kengash huzuridagi jamg‘armaning 2023 yil xarajatlarining prognoz parametrlarida vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash uchun 100 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. 2023 yil uchun tasdiqlangan 1188 ta sug‘orish quduqlarining manzilli ro‘yxatiga joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bunga esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining takliflari sabab bo‘ldi. Shu bois talabgorlar kesimida 791 ta, jumladan, 203 ta kichik, 584 ta katta quduq va 4 ta nasos agregatlarini o‘rnatishning manzilli ro‘yxati qaytadan shakllantirildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 355 nafar talabgorga artezian quduqlar uchun 40 million 746 ming so‘m yo‘naltirdi. Natijada Respublika bo‘yicha 76 ta tumandagi 255 ta MFYlarida 293 ta katta hajmdagi va 62 ta kichik hajmdagi artezian quduqlar qazildi. Bu esa 9,1 ming xonadonning 1 100 gektar tomorqa yer maydonini suv bilan ta’minlash imkonini berdi. Ular yiliga ikki-uch marta hosil olish, mahsulot yetishtirish orqali daromadga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘ldi. Aslida ham maqsad shu. Ya’ni davlat tomonidan qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali subsidiya ajratilishi hududlarda aholini qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlash, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish va narx-navo barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA